Sermahsul yozuvchi Komil Sindorovning Temuriylar kutubxonasi siri” asari ingliz tiliga tarjima qilinib, “Amazon.com” elektron savdo platformasida sotuvga chiqarildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yuridik fanlar doktori, professor Komil Sindorovni o‘zbek kitobxonlari detektiv asarlari orqali yaxshi taniydi. “Tergovchi” seriyasida bugungi kunga qadar uning 15 ga yaqin romani chop etilib, o‘quvchilar tomonidan alohida qiziqish bilan qabul qilingan. “Qadr kechasidagi qotillik”, “Amirlikning oltin taxti izidan”, “Qabohat girdobi” va rus tilidagi “Jajda mesti” kitoblari shular jumlasidan.
Ma’lumotlarga qaraganda, ilk bor Yevropada XIX asrning 40-yillarida paydo bo‘lgan detektiv janrdagi asarlarda uch muhim jihat –jinoyat, qidiruv va fosh etish bosh maqsad qilib qo‘yiladi. Keyingi yillarda kitobxonlarning bunday asarlarga nisbatan ehtiyojini ta’minlash maqsadida jahon adabiyotining ko‘plab namunalari o‘zbek tiligi tarjima qilinyapti. Shuningdek, yurtimiz adiblarining yangi-yangi detektiv-sarguzasht asarlari ham peshma-pesh chop etilmoqda.
O‘zbek detektiv janrida samarali ijod qilayotgan iste’dodli yozuvchilardan biri Komil Sindorovning asarlarini o‘qir ekansiz, sirli qotilliklar, chigal vaziyatlar-u, kutilmagan yechim kitobxon xayolini band etadi. Adib hayot haqiqatini oq va qora ranglarda yaqqol tasvirlaydi. Qahramonlarni yaxshi yoki yomon, deya ajratmaydi. Mutolaa jarayonida fikrlashni o‘quvchining o‘ziga qoldiradi. Uning har bir asarida turli jinoyatlar, turfa taqdir va kechinmalar, ruhiy holatlar va muammolar girdobi haqida so‘z boradi.
“Temuriylar kutubxonasi siri” romanida ham syujet murakkabligi, voqealar g‘ayri oddiy, kutilmagan tarzda rivojlanishi kitobxonni sehrlab qo‘yadi. Yozuvchining mahorati shundaki, asar tili va uslubi sodda bo‘lib, voqealar o‘ta jonli, hayotiy tasvirlangan. Shu bois mutolaa chog‘ida o‘quvchi asarga sho‘ng‘ib ketadi. Qahramonlar bilan yashab, birga turli sinovlarni yengib o‘tadi, mag‘lubiyat alami, g‘alaba quvonchini totib ko‘radi. Ayniqsa, bosh qahramonlar ruhiy holati, ichki kechinmalari mohirona ochib berilganki, uning boshidan kechganini o‘quvchi ham o‘z tanasida his qila boshlaydi... Binobarin, asar obrazlari taqdiri, iqrori kishini mulohaza qilish, hayot, sinov, adolat va haqiqat haqida jiddiy o‘ylashga undaydi.
Umuman, ta’sirchan voqealiklardan tashqari o‘zbek xalqining boy o‘tmishi, tarixidan so‘zlaguvchi bu kitob chet ellik kitobxonlar tomonidan iliq kutib olinmoqda.
Darhaqiqat, ilgari xorij detektiv asarlari tilimizga o‘girilgan bo‘lsa, endi o‘zbek yozuvchilarining sara bitiklari chet tillarga tarjima qilinmoqda. Jumladan, “Temuriylar kutubxonasi siri” romani noshiri ushbu kitobga ortib borayotgan talabni inobatga olgan holda, muallif bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, uning boshqa asarlarini ham ingliz tilida chop etishni rejalashtirayotgani quvonarli.
O‘zA