Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining asosiy qismi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarining 60 foizdan ortig‘i dehqon xo‘jaliklari tomonidan ishlab chiqariladi.
Xo‘sh, bugun o‘zbek dehqoni nima ekishni, qachon ekishni o‘zi hal qiladigan, kimga necha pulga sotish ixtiyori o‘zida bo‘lgan erkin fermerga aylandimi?
Mazkur savol yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi Agrar tadbirkorlik va kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirish boshqarmasi mutaxassisi Soatmurod Qulmirzayev quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
– Oxirgi yillarda agrar sohaning barcha tarmog‘ida erkin bozor mexanizmlariga asoslangan raqobat muhiti shakllantiriladi, – deydi Soatmurod Qulmirzayev. – Sohada manfaatdorlikka asoslangan mexanizmlar joriy etildi. Xususan, boshoqli don va paxta xomashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilindi va ularning xarid narxlarini belgilash amaliyotidan voz kechildi.
Davlat tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish amaliyotidan voz kechilib, mahsulot yetishtirishning tavsiyaviy parametrlari belgilanmoqda. Meva-sabzavot va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va sotish bo‘yicha mutlaqo erkin tartib o‘rnatilgan. Dehqon va fermerlar ushbu mahsulotlarni qachon ekishi va kimga sotishi bo‘yicha umuman cheklovlar va aralashuvlar mavjud emas.
Shuni alohida qayd etish lozimki, Davlat rahbarining 2021 yil 16 noyabrdagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga asosan bir hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyat) barcha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishiga va fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzishga ruxsat berilgan. Bugungi kunda paxta yetishtiruvchilar o‘z hududidagi xohlagan paxta-to‘qimachilik klasteri bilan ichki kelishilgan shartnomalar asosida paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomasini tuzish huquqiga ega.
G‘allachilikda ham o‘tgan 2022 yil to‘liq davlat xarididan voz kechildi. (Karantin tufayli 2020 va 2021 yillar g‘allachilikda davlat xaridlari saqlanib qolindi.) Xususan, fermer xo‘jaliklari va agroklasterlar tomonidan yetishtirilgan bug‘doy mahsulotiga birjada shakllangan narx bo‘yicha to‘lab berilmoqda.
Bugungi kunda fermer xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan g‘allani davlat zaxiralari uchun don korxonalariga, klasterlarga yoki o‘zlari birja savdolari orqali birjada shakllangan narxlar asosida sotishi mumkin. Bu uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari paxta xomashyosini o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududdagi istalgan klaster korxonasiga o‘zaro manfaatli kelishuv asosida fyuchers shartnomasini tuzgan holda sotmoqda.
Davlat tomonidan faqatgina dehqon va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash borasida aralashuvlari mavjud. Hozirda agrar sohaning 30 ga yaqin yo‘nalishlariga subsidiyalar ajratilmoqda. Meva-sabzavot yetishtirishda 2 trillion so‘m, boshoqli don yetishtirish bo‘yicha 5,0 trillion so‘mdan ortiq, paxta yetishtirishga 10,0 trillion so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratilmoqda hamda qator soliq imtiyozlari taqdim etib kelinmoqda. Amalga oshirilgan ushbu islohotlar natijasida bugun o‘zbek dehqoni to‘liq erkin fermerga aylandi, deb ayta olish mumkin.
O‘zA muxbiri Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.