O‘zbek adibasini AQSHda ham o‘qishadi
bugungi kunda o‘zbek nasrida bolalar adabiyoti yo‘nalishida sanoqli ijodkorlargina qalam tebratmoqda. Tarjimon va adiba Gulnoz Tojiboyeva shu yo‘nalishda faol ijod qilib kelmoqda.
U hali yosh bo‘lishiga qaramay, ko‘plab yutuqlarga erishishga ulgurdi. G. Tojiboyeva Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutini imtiyozli diplom bilan tugatgan, 2019 yildan beri O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi. 6 yoshidan beri ertak yoza boshlagan adiba chorak asrdan beri qalamini qo‘ldan qo‘ymay, bolalar adabiyoti janrida ijod qilib kelmoqda va ayni kunda 6ta ertaklar to‘plamining muallifidir. U bolajonlarga atab sehrli ertaklar yozish bilan birga ularni o‘zi suratlar bilan bezatadi ham.

G. Tojiboyeva 2008 yilda O‘zbekiston yosh yozuvchilari Respublika seminarida «Bolalar adabiyoti» nominatsiyasi bo‘yicha 1- o‘rin sohibi bo‘lgan, 2014 yilda esa «Jayxun va alanga» nomli ssenariysi bilan Markaziy Osiyo va Koreya davlatlarining mif, ertak va qahramonlik eposlari asosida yaratilgan ssenariylar xalqaro tanlovida 1- o‘ringa loyiq topilgan, 2020 yilda xalqaro "Rossotrudnichestvo" tashkiloti hamkorligida Toshkentda o‘tkazilgan «Eng sehrli bayram» ertaklar tanlovining g‘oliblaridan biri bo‘lgan.
G. Tojiboyevaning bir katta orzusi bor: o‘zbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqish! Bu orzusini amalga oshirish yo‘lida u ingliz va koreys tillarini mukammal o‘rganishga intilib, o‘z asarlari bilan xorijdagi nashrlarda muntazam qatnashmoqda. Ayni kungacha yosh adibaning ertak va hikoyalari Belgiyadagi “Atunis Galaxy Poetry” adabiy nashrida, Londondagi “Dash” adabiy jurnalida, Pokiston Islom Respublikasining “Sindh courier” nashrida, Donetsk Xalq Respublikasidagi «Avtograf» adabiy jurnali, Rossiyaning «Kamerton», «Masterskaya» gazeta-jurnallarida, Sankt-Peterburgdagi «Neva» bosma adabiy-badiiy jurnalida, Qrim Respublikasidagi «Belaya Skala» bosma adabiy jurnalida chop etildi.

– Bolalar adabiyotida ijod qilish mashaqqatli,– deydi adiba Gulnoz Tojiboyeva. – Bugun o‘zbek adabiyotida bolalar yozuvchilari biroz kamaygandek ko‘rinadi. Jahon adabiyotiga nazar solsak ham shu hol. Ularda ham bolalar uchun maxsus ijod qiladigan ijodkorlar kam. Shu kungacha bolalar uchun nimaiki yozsam, avvalo, milliyligimizga mos kelishi haqida o‘ylayman. Chunki bolajonlar o‘qigan ilk ertaklari, eshitgan hikoya va cho‘pchaklaridan tarbiya oladi. Yaqin yillardan buyon Yevropa va AQSH adabiyoti bizning hikoyalarga qiziqish bildiryapti. Mening ham bolalar adabiyoti yo‘nalishida yozgan asarlarimni bolalar uchun mo‘ljallangan nashrlarida chop etishmoqda. Eng qizig‘i, AQSHda ham bizning asarlarimizni sevib o‘qishmoqda.
Gulnoz Tojiboyevaning “Agile Magpie” («Epchil zag‘izg‘on») nomli ertagi AQSHdagi xalqaro yozuvchilar bosma adabiy jurnali – “International Writers Journal"da chop etildi. Bu esa yosh adibaning o‘z orzusiga yetish yo‘lida tashlagan yana bir katta qadamidir.
D. Mamatova, O‘zA