“O‘zatom” va “Rosatom” loyiha ekspertizasi bo‘yicha hamkorlikni kuchaytiradi
Joriy yilning 22-23-iyul kunlari “O‘zatom” agentligi va AES qurilishi direksiyasi delegatsiyasi Moskva shahrida xizmat safari bilan bo‘lib, atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida “Rosatom” davlat korporatsiyasining kapital qurilish bo‘yicha direktori Dmitriy Volkov hamda Tarmoq kapital qurilish markazi vakillari bilan muzokaralar tashkil etildi. Uchrashuvda Jizzax viloyatida barpo etilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi uchun tayyorlanayotgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish jarayonini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibi, o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish hamda milliy mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha ham fikr almashildi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha ekspertiza jarayonlarini muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston va Rossiya mutaxassislaridan iborat qo‘shma ishchi guruhni tashkil etishga kelishib olindi. Yangi tuziladigan guruh loyiha hujjatlarini ko‘rib chiqish jarayonidagi tashkiliy masalalarni tezkor hal etish va ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Safar davomida delegatsiya Atom sanoati qurilish kompleksi tashkilotlari assotsiatsiyasi rahbariyati bilan ham uchrashdi. Unda Assotsiatsiya tarkibiga kiruvchi kompaniyalarning O‘zbekistondagi atom energetikasi loyihalarida ishtirokini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Vengriyaning “MVM EGI Zrt.” kompaniyasi vakili bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi hukumatlararo kelishuvlar ijrosi doirasida quruq gradirnyalarni barpo etish bo‘yicha yaqin muddatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Agentlik axborot xizmati qayd etganidek, Moskvada o‘tkazilgan ushbu uchrashuv va muzokaralar Jizzax viloyatida qurilayotgan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasini amalga oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA