“O‘zarxiv”: Hamkorlikka oid memorandum imzolandi
Poytaxtimizda “O‘zarxiv” agentligi va Birodar shaharlar alyansi bilan hamkorlikda “Nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi bosqichi - ilmiy muloqot va amaliy hamkorlik” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat arxiv tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, “O‘zarxiv” agentligi va Birodar shaharlar alyansi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Shuningdek, “O‘zarxiv” agentligi tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston va xorijiy davlatlar shaharlarining tarixi hamda millatlararo munosabatlar masalalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma namoyish etildi. O‘zbekiston Milliy arxivi faoliyati bilan tanishish maqsadida ekskursiya uyushtirildi.
Ma’lumki, shaharlar bu oddiy turar joylar emas, balki tarix, madaniyat va taraqqiyot markazlaridir. Har bir shahar o‘zining betakror qiyofasi, qadimiy merosi, ilm-fan va san’ati bilan insoniyatning umumiy taraqqiyotiga hissa qo‘shib keladi. Shaharlar odamlarni birlashtiradi, orzularni amalga oshirish, yangiliklarni yaratish va kelajakni qurish maydoniga aylanadi.

Mana shunday jarayonda “birodar shaharlar” tushunchasi tug‘ildi. Ushbu g‘oya Ikkinchi jahon urushidan keyin, xalqlarni birlashtirish, do‘stlik va tinchlikni mustahkamlash maqsadida paydo bo‘ldi. Ilk birodar shaharlar Yevropada tashkil topgan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan butun dunyo bo‘ylab keng yoyildi.
Jumladan, bugungi kunda mamlakatimizning 80 ga yaqin shahar va hududlari dunyoning turli mamlakatlari bilan birodar shahar maqomiga ega. Bu esa nafaqat madaniyat, balki ta’lim, iqtisodiyot, ekologiya va xalq diplomatiyasini rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shaharlar o‘rtasida doimiy muloqot va hamkorlik platformasini yaratish, qo‘shma madaniy va ta’lim loyihalarini amalga oshirish, turizm, hunarmandchilik va mahalliy brendlarni rivojlantirish, yoshlar va mutaxassislarga tajriba almashinuv dasturlarini tashkil etish Alyans doirasida amalga oshiriladigan ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi.
Birodar shaharlar alyansi qisqa vaqt ichida xalqaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Turli sohalarda imzolangan memorandum, tashabbus va loyihalar shaharlar o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlab, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA