O‘zaro ishonch – hamkorlikning mustahkam garovi
Davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda olib borilayotgan konstruktiv ichki va tashqi siyosat tufayli bugun mamlakatimiz Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamladi va bu sa’y-harakatlar dunyo hamjamiyati tomonidan yuqori darajada e’tirof etilmoqda.
Joriy yilning 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik, tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya dunyo hamjamiyatining e’tiborida bo‘ldi.
Xalqaro anjumanning asosiy maqsadi ham ikki mintaqa davlatlari o‘rtasidagi tarixan yaqin va do‘stona munosabatlar, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Prezidentimiz o‘z nutqida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining ulkan savdo iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, ilmiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun vujudga kelayotgan yangi imkoniyatlarga e’tibor qaratdi.
Xususan, savdo, investitsiyalar, transport, energetika va innovatsiyalar, yashil texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, kooperatsiya bo‘yicha aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish hamda boshqa sohalarda sheriklikni kengaytirish yuzasidan batafsil fikr almashish, birgalikda takliflar ishlab chiqish kabi muhim masalalarga e’tibor qaratildi.
Shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki, Markaziy Osiyo mintaqasida – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan tub o‘zgarishlar O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yutug‘idir.
Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqa davlatlarining har tomonlama mustahkam integratsiyalashuvida bir qator takliflar ilgari surildi.
Mazkur Forum arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochilgani, bu institut mintaqa davlatlarining hamkorligini rivojlantirish, o‘zaro munosabatlar va rivojlanishlarni tahlil qilishga yo‘naltirilayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Umid qilamizki, konferensiya yakunlari bo‘yicha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida, umuman, Yevroosiyo makonida doimiy va barqaror rivojlanishning muhim omili sifatida o‘zaro aloqalarni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya loyihasi BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi kun tartibining muhim masalalari sifatida qayd etiladi.
Husan Abduniyazov,
“Yuksalish” umumilliy harakati
Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA