O‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi
3 mart kuni Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev nomidagi Dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish markazi rahbari B.Sarsenbayev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Markaz direktori Sh. Minovarov mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan markaz binosi loyihasi, uning asosiy faoliyati va istiqboldagi rejalari bilan tanishtirdi.

N.Nazarboyev markazi rahbari B.Sarsenbayev ham o‘z navbatida Qozog‘istonda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotlarni rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘zlab, mazkur markaz Qozog‘iston Prezidenti Qosim Jomart Toqayev tashabbusi bilan ochilgani hamda unga Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev nomi berilganini ta’kidladi.
Markaz rahbari ikki turdosh tashkilotning maqsadlari uyg‘un ekaniga urg‘u berib, kelgusida o‘zaro aloqalarni yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun hamkorlik memorandumi imzolashni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Uchrashuv davomida ikki hamkor tashkilotning mushtarak maqsadlarini birgalikda amalga oshirish belgilangan memorandum imzolandi.
Memorandum doirasida markazlar qo‘shma loyihalar, konferensiya va simpoziumlar, ko‘rgazmalar tashkil qilishga, hamkorlikda maqolalar nashr qilish, ilmiy xodimlar almashinuvini amalga oshirishga kelishib oldi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
matbuot xizmati
O‘zA