O‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi
Shu kunlarda Navoiy viloyati hokimining tashabbusi bilan bir guruh rahbar va shifokorlar Belarus Respublikasining Vitebsk viloyatida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Jumladan, Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markazi Navoiy filiali direktori Vali To‘raqulov hamda direktor o‘rinbosari Javlonbek Berdiqulov Antonova nomli Vitebsk tibbiyot kollejiga tashrif buyurdi.


Vali To‘raqulovning telefon orqali xabar qilishicha, tashrif davomida Vitebsk tibbiyot kollejining tuzilishi, o‘quv dasturlari, amaliyot jarayonlarining olib borilishi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy brigada doyalarini o‘qitilishida Belarus tajribasi o‘rganildi. Shuningdek, hamshiralar tayyorlash, akademik mobillik, yangi o‘quv dasturlar almashinuvi, o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida muzokara olib borildi.
Tashrif so‘nggida ikki tomonlama xalqaro memorandum imzolandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri