O‘zaro hamkorlik ijobiy samara beradi
Viloyatda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy etish, kam ta’minlangan va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar sirlariga o‘rgatish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash maqsadida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi hamda Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi hamkorligida amaliy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O’zLiDeP viloyat, shahar va tuman Kengashlari mas’ullari hamda mahalliy Kengash deputatlari, partiya a’zosi hisoblangan tadbirkorlar maskanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi. Ta’kidlanishicha, 2021 yilning avgust oyida o‘z faoliyatini boshlagan Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida fuqarolar bugungi kunda 8 ta xizmat turi bo‘yicha jami 24 turdagi kasb-hunar sirlarini o‘rganmoqda. Shuningdek, 4 ta xorijiy (rus, ingliz, koreys, yapon) tillarni o‘rgatish hamda tadbirkorlik asoslari, migratsiya ko‘niktirish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Birgina o‘tgan 2022 yilda monomarkazda 3800 nafar tinglovchi o‘z bilim va malakasini oshirgan. Ularning 2500 nafari mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi “Temir daftar” ro‘yxatiga kiritilgan ijtimoiy-himoyaga muhtoj fuqarolardir. Ma’lumotlarga qaraganda, joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni 4700 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.


Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari o‘quv-amaliy mashg‘ulot xonalaridagi sharoitlar bilan tanishdi. Avtomobillarni texnik ta’mirlash, zargarlik, servis xizmatlari ko‘rsatish, maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonlarini o‘z ichiga olgan o‘quv-mashg‘ulotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik va boshqa kasb egalarining ishlari ham manzur bo‘ldi.
Buxorolik zargarlar sulolasining kenja vakili Olimjon Safarovning 20 dan ortiq shogirdlari ayni kunda mustaqil faoliyat yuritmoqda. Monomarkazda tahsil olayotgan 40 nafar tinglovchi ham aynan shu yo‘nalishda o‘z mahoratini oshiryapti.


– Monomarkazning aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishdagi o‘rni beqiyos, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi raisi, partiya viloyat Kengashi raisining ayollar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Dilbar Ahmedova. – Monomarkazning partiya viloyat Kengashi hamda hududdagi ishlab chiqarish korxonalari hamkorligi ham amaliy samara berishiga ishonaman.

Monomarkaz tinglovchilari tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar - turli pishiriqlar, zargarlik, zardo‘zlik buyumlari va tikuvchilik namunalaridan iborat ko‘rgazma ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi.
Interfaol usulda tashkil etilgan tadbirda monomarkaz faoliyati haqida hikoya qiluvchi videorolik ham namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga tashkilotchilar tomonidan aniq va batafsil javob berildi. Shu kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi hamda “Ishga marhamat” monomarkazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Zarif Komilov, O‘zA