Ozarbayjon va Armaniston chegarasida toʻqnashuv
Ozarbayjon va Armaniston davlat chegaralarida qurolli toʻqnashuv yuz berdi.
Ozarbayjon va Armaniston davlat chegaralarida qurolli toʻqnashuv yuz berdi.
“12-iyul tushdan keyin Armaniston Quroli kuchlari qoʻshinlari oʻt ochmaslik toʻgʻrisidagi tartibni qoʻpol ravishda buzib, Tovuz tumani hududidagi Ozarbayjon — Armaniston chegarasida bizning pozitsiyamizga qarata artilleriya qurilmasidan oʻq uza boshladi. Har ikki tomon talofat koʻrdi”, — deya Ozarbayjon Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “RIA Novosti”ga maʼlum qilgan.
Agentlik suhbatdoshining soʻzlariga qaraganda, Ozarbayjon ikki harbiy xizmatchini yoʻqotgan. Besh kishi yaralangan. Boku Armaniston tomonidan ham qurbonlar borligini qayd etgan.

Oʻz navbatida Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Armaniston chegarachilaridan hech kim halok boʻlmaganini bildirgan. Uning soʻzlariga koʻra, Ozarbayjon harbiylari chegara-tayanch punktini egallashga, avvalroq esa mashinada chegarani buzib oʻtishga uringan.
Maʼlumki, Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasida Togʻli Qorabogʻ hududi bilan bogʻliq koʻp yillik nizo mavjud. 1988-yil fevralda Togʻli Qorabogʻ avtonomiyasi Ozarbayjon SSSR tarkibidan chiqqanligini eʼlon qildi. Keyinchalik 1992-1994-yillarda roʻy bergan qurolli toʻqnashuv oqibatida Ozarbayjon Togʻli Qorabogʻ va hududga tutash 7 ta tuman ustidan nazoratni butunlay boy berdi.
Shu bilan birga mazkur nizoni tinch yoʻl bilan hal etish maqsadida 1992-yildan buyon Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YEXHT)ning Rossiya, AQSH va Fransiya hamraisligidagi Minsk guruhi doirasida saʼy-harakatlar olib borilyapti.