O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yil 21-22 iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Ikki mamlakat yetakchilari o‘zaro savdo hajmini oshirish, tadbirkorlar va hududlar darajasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratadilar.
Bundan tashqari, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy vaziyat yuzasidan fikr almashadilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida faol muloqotni rivojlantirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qiladilar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, ilm-fan va innovatsiyalar, turizm va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, tashrif arafasida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Ozarbayjonning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokida ishbilarmonlik tadbirlari o‘tmoqda.
Keyingi yillarda ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari va qo‘shma korxonalar soni sezilarli darajada ko‘paydi. 2021 yilda tovar ayirboshlash hajmi 42 foizga, joriy yil yanvar-may oylarida 49 foizga o‘sdi.
O‘tgan yili Ozarbayjon hududida yurtimiz avtomobillarini yig‘ish bo‘yicha ishlab chiqarish maydonchasi ishga tushirildi. Ipakchilik, agrar majmua, qurilish materiallari sanoati, neft-gaz, farmatsevtika va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda va ishlab chiqilmoqda.
Mamlakatlarimizda ikki tomonlama madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar, taqdimotlar va ijodiy uchrashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.