Davlatimiz rahbarining shu yil 26 avgustdagi “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida bu yil yurtimizda ilk bor dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi” o‘tkazilmoqda.
Mazkur haftalik doirasida 3-6 dekabr kunlari mamlakatimizda O‘zbekiston-Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari forumi tashkil etildi.
Forumda ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Ozarbayjon delegatsiyasi dastlab Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va milliy madaniyat markazlari faoliyat olib borayotgan Do‘stlik uyi bilan tanishdi hamda shaharning diqqatga sazovor maskanlarini tomosha qildi.
Do‘stlik uyida ayni paytda qirqqa yaqin NNT va 11 ta milliy madaniyat markazi joylashgan. Turli madaniy tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan zallar, milliy madaniyat markazlari uchun muzey xonalari mavjud.
Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari “Xayrli niyat” yetim bolalar va nogironlar xayriya jamiyati, madaniyat va san’at xodimlarining “E’zoz” assotsiatsiyasi, Ozarbayjon milliy madaniyat markazi viloyat bo‘linmasi vakillari bilan suhbatlashib, ular faoliyati haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
[gallery-20682]
– Ozarbayjon va O‘zbekiston davlat rahbarlarining yaqin do‘stligi va ikki qardosh xalq o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan siyosati natijasida ikki mamlakat nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligi ham keyingi yillarda jadal rivojlanib bormoqda, – deydi Ozarbayjon Milliy majlisi deputati, “Yevrosiyo migratsiya tashabbuslari platformasi” jamoat birlashmasi raisi Azer Allaxveranov. – Bundan avval O‘zbekiston fuqarolik jamiyati vakillari Ozarbayjonda bo‘lib, bizning faoliyatimiz bilan tanishgan edi. Endi biz o‘zbekistonlik do‘stlarimiz mehmonimiz. Aslida, bizni azaliy do‘stlik, qardoshlik aloqalari bog‘lab turadi. Turmush tarzimiz, tarix va madaniyatimizda, tilimiz va dinimizda mushtaraklik ko‘p. Ikki kundan buyon Samarqandda bo‘lib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildik.
Do‘stlik uyida o‘tkazilgan davra suhbatida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Shoim Kenjayev yurtimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.
“Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi ijrochi direktori Madina Rahimova, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi Samarqand mintaqaviy filiali direktori Otabek Qosimov O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining qonuniy asoslari, ijtimoiy masalalarni hal etishda ularning roli haqida so‘z yuritdi.
– O‘zbekistonga ikkinchi marotaba kelishim, – deydi Ozarbayjon Nuroniylar kengashi raisi o‘rinbosari Ramin Gasanli. – Birinchi navbatda Samarqandni ziyorat qilishni rejalashtirgandik. Boisi bu maskan biz uchun ham, qardosh boshqa millat vakillari uchun ham muqaddas joy hisoblanadi. O‘ylaymanki, forum doirasida yo‘lga qo‘yiladigan hamkorligimiz davlatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ozarbayjon delegatsiyasi Samarqanddan Toshkentga jo‘nab ketdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari