Ozarbayjon deputati: Boku – Toshkent hamkorligi Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘lamoqda
O‘zbekiston – Ozarbayjon munosabatlari do‘stlik va qardoshlikka asoslangan yaqin aloqalardan strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Davlat rahbarlarining muntazam muloqoti, yuqori darajadagi o‘zaro tashriflar va turli sohalardagi qo‘shma loyihalar ikki mamlakat hamkorligi izchil rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Bu haqda Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati Xonlar Fotiyev AzerTAJga ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi oldidan bergan intervyusi ikki davlat munosabatlarining bugungi holati va istiqbolini baholashda muhim ahamiyatga ega.
Noib fikricha, so‘nggi besh yil davlat rahbarlari darajasida tashkil qilingan 15 o‘zaro tashrif va muntazam muloqot ikki tomonlama siyosiy ishonchni yanada mustahkamladi. Prezident Ilhom Aliyevning bu galgi tashrifi ham strategik sheriklik va ittifoqchilikni yangi tashabbuslar bilan boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.
Iqtisodiy hamkorlikdagi o‘sish ko‘rsatkich o‘zaro aloqalar amaliy mazmuni boyib borayotganidan dalolat. 2025-yil o‘zaro tovar ayirboshlash qiymati 795 million dollarni tashkil etib, bir yilda uch barobar oshgan. Energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, sanoat va turizm sohalaridagi qo‘shma loyihalar iqtisodiy sheriklik ko‘lamini kengaytirmoqda.
Fuzuliy shahridagi 100 gektarlik anor bog‘i, “Chevrolet” va “Isuzu” avtomobillarini birgalikda ishlab chiqarish, Toshkentda mehmonxona va turar joy majmualari barpo etish, shuningdek Toshkent viloyatida “Sea Breeze Uzbekistan” turizm va turar joy majmuasini tashkil etish kabi loyihalar hamkorlik samarasini namoyon etmoqda. Yaqin istiqbolda yashil energetika ikki mamlakat iqtisodiy sherikligining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanishi kutilyapti.
O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqaro hamda mintaqaviy platformalarda ham yaqin hamkorlik qilmoqda. 2025-yil noyabr oyida Ozarbayjon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida to‘la huquqli ishtirok etishi bo‘yicha qaror qabul qilingani mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Shu tariqa avval C5 sifatida shakllangan hamkorlik formati amalda C6 ko‘rinishiga kelib, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy aloqani yanada mustahkamladi.
Deputat ta’kidlashicha, O‘zbekiston – Ozarbayjon sherikligi ikki mintaqa o‘rtasidagi transport-logistika aloqalarini kuchaytirish, O‘rta yo‘lakdan samarali foydalanib, yagona geoiqtisodiy makon shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bu jarayon Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirib, ikki mintaqa o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirmoqda.
So‘nggi yillarda Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabati yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston bilan shakllangan strategik sheriklik va ittifoqchilik esa eng muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ikki mintaqa o‘rtasidagi siyosiy ishonch, iqtisodiy hamkorlik va transport bog‘liqligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA