Ozarbayjon Bosh vaziri Raqamli hamkorlik tashkiloti bosh kotibi bilan uchrashdi
Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov Raqamli hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Dima Al-Yahyo bilan uchrashdi.
Muloqotda qardosh davlatning mazkur nufuzli tuzilmaga a’zoligi mamlakat raqamli transformatsiya kun tartibini amalga oshirish, tegishli sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyati qayd etildi. Ushbu soha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida bu borada izchil va tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Ushbu sa’y-harakatlar natijasi sifatida raqamli infratuzilmani rivojlantirish, davlat xizmatini raqamlashtirish, sun’iy intellekt, kiber xavfsizlik va innovatsiya ekotizimini mustahkamlash yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda Ozarbayjon va Raqamli hamkorlik tashkiloti o‘rtasida o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Turli yo‘nalishlarda tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslar ilgari surish muhimligi ma’qullandi.
A.Mamatov, O‘zA