Ozarbayjon BMTda Boku chaqirig‘ining ahamiyatini ta’kidladi
Ozarbayjon tashabbusi bilan o‘tkazilgan 13-Butunjahon shaharsozlik forumi – WUF-13 doirasida erishilgan asosiy natijalaridan biri hisoblangan Boku Harakat chaqiruvi jahonshumul uy-joy inqiroziga qarshi shoshilinch, muvofiqlashtirilgan va qat’iy choralar ko‘rish, shuningdek 2036-yilgacha Yangi shahar kun tartibini amalga oshirishni tezlashtirishga qaratilgan.
Bu haqda Ozarbayjonning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Elvin Ashrafzoda BMT Bosh Assambleyasida Yangi shahar kun tartibini amalga oshirish va BMTning aholi manzillari dasturi (UN-Habitat)ni kuchaytirish bo‘yicha muhokama chog‘i ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 176 davlatdan vakillar ishtirok etgan mazkur anjuman global uy-joy inqirozini xalqaro shaharsozlik siyosati bo‘yicha muloqot markaziga olib chiqdi. Forumda ilk bor vazirlar uchrashuvi va yetakchilar sammiti ham o‘tkazilgan.
“AzerTAJ” yozishicha, Elvin Ashrafzoda BMT Bosh kotibi hisobotida ham Boku chaqirig‘ining alohida ahamiyati qayd etib o‘tilgan.
Ozarbayjon vakili mamlakat yetarli uy-joy ta’minoti bo‘yicha ochiq tarkibdagi Hukumatlararo ekspert ishchi guruhiga hamrais ekanini ta’kidladi.
– Shaharsozlikni infratuzilma, barqarorlik, uy-joy ta’minoti va hamjamiyat ehtiyoji bilan bog‘lash muhimligini yana bir bor tasdiqlaymiz, – dedi diplomat. – Ishonamizki, tajribamizni shunday platformalar orqali baham ko‘rish majburiyat amaliy yechimga aylantirilishini ta’minlaydi.
Ozarbayjon vakili Bosh Assambleya Yangi shahar kun tartibi amalga oshirilishini jadallashtirish bo‘yicha siyosiy deklaratsiyasi qabul qilinganini olqishladi. Xalqaro majburiyatni milliy va mahalliy darajada aniq natijaga aylantirish, “UN-Habitat” imkoniyatini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
A.Mamatov, O‘zA