O‘zA muxbirlariga xizmat avtomashinalari topshirildi
Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarida so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash borasida yetarli darajada qonun hujjatlari qabul qilinib, sohaning mustahkam huquqiy bazasi yaratilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning asl mazmun-mohiyati haqida xolis xabarlarni aholining barcha qatlamlariga, dunyo hamjamiyatiga tezkorlik bilan va sifatli yetkazish, milliy axborot makonini rivojlantirish, global axborot maydonida respublikaning o‘rnini yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyati takomillashtirilib, moddiy texnik bazasini mustahkamlanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 2 dekabrdagi «O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham ayni yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirib, O‘zA faoliyatini takomillashtirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid rasmiy ma’lumotlarni izlash, olish, qayta ishlash hamda axborot, axborot-tahliliy, tahliliy-tanqidiy materiallar tayyorlash va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi agentlik o‘z hududiy muxbirlariga ega.
Qarorga ko‘ra, O‘zAning viloyatlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlarini tashkil etish, ular uchun hududiy voqea-hodisalarni tezkor va sifatli yoritish maqsadida qulayliklar yaratish, qo‘llab-quvvatlash belgilangan edi.
[gallery-2926]
Hududiy muxbirlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ishlashda qulaylik yaratish maqsadida har bir viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasi muxbiri uchun «Nexia 3» xizmat avtomashinalari topshirildi.
Endilikda hududiy muxbirlar va fotomuxbirlar o‘quvchilar uchun qulay va qiziqarli shaklda O‘zbekiston xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, mamlakatning ko‘p yillik tarixi va ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini namoyish etishga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, yoritish bilan yanada jadal shug‘ullanadi.
O‘zA