«O‘yin qoidalari o‘zgarmaydi!» — qayta tug‘ilgan «Zakovat» intellektual o‘yini haqida (+video)
Ma’lumki, «Zakovat» intellektual o‘yini Prezidentimizning 2021 yil 21 yanvardagi qarori bilan aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirilishi rejalashtirilgan.
Qarorga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlarning intellektual rivojlanishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va bu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirib borish, yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlar, notiqlik musobaqalari, chet tillarda munozara va uchrashuvlar o‘tkazish, yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlarni rivojlantirish va intellektual o‘yinlar natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish alohida qayd etilgan.
Mazkur qarordan anglashilinishicha, endi Zakovat» intellektual harakatining respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar, jumladan, 1-3-o‘rinlarni egallaganlar umumiy o‘rta ta’lim maktablari, xususan, Prezident ta’lim muassasalari o‘quvchilari, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari hamda oliy ta’lim muassasalariga, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalarining tegishli ta’lim yo‘nalishlariga, oliy ta’lim muassasalari talabalari, ta’limning keyingi bosqichiga bazaviy to‘lov kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5fL6XDacZG4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Shuningdek, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan «Zakovat» stipendiyasi ta’sis etiladi. Stipendiya Davlat byudjetidan Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
O‘z navbatida, Davlat byudjetidan «Zakovat» intellektual klubi» NNTga 2022 yilda 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Kelgusi yillarda mablag‘lar «Zakovat» intellektual klubiga asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq ajratiladi.
Bugun «Zakovat» va intellektual o‘yinlarga oid qaror asosida yoshlarimizga berilayotgan imkoniyatlar har qachongidan yuqori, marralar yuksak, harakatlar jadal. Yoshlar o‘rtasida ushbu intellektual o‘yinlarga qiziqish baland. Yoshlar ishlari agentligi Boshqarma boshlig‘i Azimjon Xolmaxmatov «Zakovat» o‘yini g‘olib va sovrindorlarining OTMlarga imtihonsiz o‘qishga kirishi qanday tartibda amalga oshirilishi, g‘olib va sovrindorlarga stipendiyalar ajratilishining talab va tartiblari, shuningdek, stipendiya qaysi muassasa mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi kabi masalalarga to‘xtalib o‘tdi.
Gulnoza Boboyeva, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA