Oyijon, dadamni juda sog‘indim!
Og‘riqli nuqtalar
Javohir bu yil 7 yoshga to‘ldi. Birinchi sinfga qadam qo‘ydi. Ammo maktabga chiqish quvonchini his qilmadi. Sababi, u maktabga borishni emas, dadasi bilan uchrashishni intiqib kutadi. Onasi bilan dadasi ajrashganiga ikki yil bo‘ldi. Ikki yil ichida dadasini biror marta ham ko‘rmadi. Bir kuni onasidan dadam nega uyga kelmayapdi, deb so‘radi.
– Dadang bilan ajrashganman, endi unga sen ham, men ham kerak emasmiz. Dadang o‘zi uchun yashaydigan, pul topmaydigan odam, ichuvchi, – dedi onasi ovozini balandlatib.
– Ichuvchi degani nima degani? – so‘radi Javohir.
– Alkash, degani, uyiga hech narsa olib kelmaydi, degani, – o‘shqirdi onasi.
Javohir onasining asabiylashish sababini tushunmadi. Nega onasi hadeb dadasidan xafa bo‘laveradi, axir, dadasi bilan birga yashagan paytlari har kuni ishdan kelayotib Javohirga shirinlik olib kelardiku... Bu so‘zlarni onasiga aytolmadi, ichida pichirlab, o‘ziga-o‘zi gapirdi.
Onasiga qo‘shilib xolalari, qarindoshlari dadasini yomonlamasin, baribir ularning fikrlariga qo‘shilmaydi. Uni yaxshi ko‘rishdan, kutishdan bir daqiqa ham charchamaydi.
Javohir maktabga chiqqan kuni onasi uni xuddi “kuyov” yigitlardek chiroyli kiyintirib, qo‘lidan yetaklab, maktabga olib bordi.
– Endi sen kap-katta yigitsan, darsdan keyin uyga borib, eshikni qulflab olib o‘tirgin. Hozir kelgan yo‘limizdan to‘g‘ri uyga qaytasan, xo‘pmi, men ishga borishim kerak.
Onasi yelkasiga sumkasini ilib, poshnali tuflisini taqillatib, shoshganicha maktab hovlisidan yeldek uchib chiqib ketdi. Javohir onasi aytganidek, darsdan so‘ng uyga borib, yaxshi bola bo‘lib o‘tirdi.
Haftaning oxirgi kuni o‘rtoqlari bilan maktabdan qaytayotgan Javohir yo‘l chetida ketayotib ro‘parasidan kelayotgan “Damas” mashinasi ichida dadasini ko‘rib qoldi.
– “Dadam, meni dadam”, qichqirdi Javohir “Damas” ortidan yugurib. Ammo mashina yeldek uchdiyu ketdi, dadasi uni ko‘rmadi. Balki dadam meni ko‘rgani kelgandir, topolmasdan qaytib ketgandir, shu o‘y bilan jadal-jadal yurib, ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Eshik qulfini ochib, uyga kirdiyu, xonalarda dadasining izini ko‘rmadi. Ertalab uydan qanday chiqib ketgan bo‘lsa, hamma narsa o‘shanday turibdi. Dadasining har bir odatini Javohir yoddan biladi. Dadasi ishdan qaytgach, har doim boshidagi kepkasini ilgichga osib, so‘ng uyga boshyalang kirardi. Javohir hozir o‘sha qadrdon kepkani juda-juda ko‘rgisi keldi, dadasining bosh kiyimini sog‘indi. Xonasiga kirib, boshini deraza oynasiga bosib, biroz turdi. Bo‘g‘ziga tiqilgan achchiq ko‘z yoshi tomog‘idan otilib chiqib ketdi. Xonasidagi hamma narsalarni otib, ovozining boricha yig‘ladi.
– Javohir, senga nima bo‘ldi, baqirma, qizimni uxlatolmayapman, – dedi balkon oynasidan qo‘shni ayol.
Endi u barmoqchalari bilan og‘zini berkitib, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi, maktab formalarini ham yechmasdan uxlab qoldi.
Shu kundan e’tiboran har kuni u dadasini xuddi o‘sha ko‘chada, o‘sha paytda “Damas” mashinasida o‘tishini kutadigan bo‘ldi. Javohir dadasi uni ko‘rgani kelishini biladi, albatta keladi...
Javohirning bugungi holati, hayoti, taqdiri haqidagi bu voqea badiiy to‘qima emas. Bu voqealar yurtimizda ota-onasining ajrimi tufayli tirik yetimlik azobini tortayotgan minglab bolalarning achchiq qismati. Javohirga o‘xshash bolalar, qizlar bugun mening, sizning mahallamizda, qishlog‘imizda, qarindosh-urug‘larimiz orasida yashayapdi. Ularning aybi besabr, tajang, hech narsaga shukr qilmaydigan, faqat meni aytganim bo‘ladi, deydigan onalar, fikru xayolini ichkilik egallagan, mas’uliyatsiz otalarning bag‘rida dunyoga kelganida.
Afsuski, biz bunday bolalarning qalbiga quloq tutmaymiz, yuragidagi nidolarini eshitmaymiz. Biz ularni ota-onalarining ajrimiga guvoh bo‘lib yashashga o‘rganib qolganmiz. Ajrashish-degan so‘z bugun biz uchun odatiy holga, ta’bir joiz bo‘lsa “moda” ga aylandi. Bugun ayol erining ozgina kamchiligi, xatosi uchun osongina undan voz kechishga, arzu hol qilib, sud idorasiga borishga tayyor. Bugun ba’zi erkaklar “sen bo‘lmasang boshqasi”, degan qo‘shiqqa amal qilib yashashni odat tusiga aylantirishdi.
Joriy yilning har choragida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan oilaviy ajrimlarga bag‘ishlangan davra suhbatlari, matbuot anjumanlarida ishtirok etdim. Vazirlikdan olingan ajrimlar bilan bog‘liq eng so‘nggi ma’lumotga bir ko‘z yugurtirib o‘ting-a. 2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda deyarli 20 ming oila ajrashgan. Nima ham derdik, er xotin bir-biriga toqat qilolmay ajrashgandir, ammo nega ajrimdan so‘ng otalar o‘z bolasiga yuzini ko‘rsatmay qo‘yadi. Ha, to‘g‘ri topdingiz, bunga ayollar ham aybdor, demoqchisizda. Ko‘pincha bolalar onasidan dadasini ko‘rishni istayotganini so‘rashsa: “ Hadeb dadalayverma, oti o‘chsin, unut o‘sha otangni, turqiniyam ko‘rishni istamayman”, deya bolasiga taqib qo‘yishadi. Axir, bu bola uchun otani siz tanladingizku, bir paytlar shu erkakni sevganingiz, unga hayotingizni bag‘ishlaganingiz darrov yodingizdan ko‘tarildimi? Bolada nima ayb, deydigan odam topilmaydi shu paytda.
Oilaviy ajrimlar faqat bizda emas, butun dunyodagi muammo. Yevropada bu ko‘rsatkich yildan-yilga o‘sib boryapdi. Ammo u yerdagi ota-onalar ajrimdan so‘ng bolasiga yuzini teskari qilib olmaydi. Kerak bo‘lsa, har kuni ota farzandlarini ko‘rgani boradi. Sobiq xotinining vaqti bo‘lmasa, o‘g‘li yoki qizini bog‘cha, maktabdan olib kelib qo‘yadi. Ular bir-birlari bilan ajrashgan, bolalari bilan emas. Ular o‘zlarining xatosi, kamchiligi uchun farzandlarini jazoga mahkum qilishmaydi. Ular shunchaki bir-biri bilan yashashga kelisholmay qolgani uchun ajrashadi. Ajrimni ham tinch yo‘l bilan hal etishadi. Shuning uchun bolalari ham ota-onasining ajrimidan fojeaga tushmaydi.
Bizda buning aksi, erkak xotini bilan ajrashdimi, tamom bolalarini ham unutadi. Uni o‘z jigargo‘shalarini unutishiga eng birinchi navbatda bolalarning buvisi-yu bobosi yordam beradi. “O‘sha xotining tarbiyalagan bolalar kim bo‘lardi, unut o‘shalarni. Boshqa xotin olib beraman. Ulardanam shirindan-shakar bolalar tug‘ib beradi”, deydi erkakning onasi. “E, lattachaynar bo‘lmay, tezroq boshqasiga uylan, o‘sha xotiningniyam, bolalariniyam unutasan”, deya maslahat beradi erkakning otasi, bolalarning bobosi. Ammayu xolalar, tog‘ayu-amakilar ham unga oilasini unutishiga yordamlashib yuborishadi. Onasining mahriga tushgan bolalarning hayoti hech kimni qiziqtirmaydi, hech kimni. Bolalar esa dadasini sog‘inib, juda-juda sog‘inib yashayverishadi. Ularni unutgan dadasini sog‘inaveradi, sog‘inaveradi...
Nigora Rahmonova, O‘zA