Esimda, 2015 yilning kishiga xush yoquvchi salqin shabadali kuzagi edi. Daraxtlarning yaproqlari yulib olinib, go‘yoki o‘rniga tillo qog‘ozcha yopishtirib qo‘yilgandek.
Toshkent kuzi boshqacha-da! Qandaydir “madaniy”, sipo... Xullas, o‘n besh kunlik “ayroliq”dan so‘ng yurtim Denovga qaytish ishqi hayajonida edim. Yuragim xuddi tipirchilardi.
Kechagina rohatbaxsh tafti ko‘p damlarga yetgudek muloqot qilgan bo‘lsak-da ajoyib do‘stim O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali raqamlarini terdim:
— Muhammadjon, yana bir bor хaйрлaшish niyatida sizga qo‘ng‘iroq qilayapman. Surxonning sayroqi bulbullaridan biri — shoir Tesha Saydaliyev aytganlaridek, “Bir shirin, bir huzurbaxsh kuch — yurt sog‘inchi o‘ziga lovullatib tortayapti”.
Go‘shakdan qadrdon ovoz eshitildi:
— Shoh Boburga chindan qoyil qolish kerak. Unga bir umr Vatandan ayro yashash oson bo‘lmagan. Siz bo‘lsangiz o‘n besh kunga chidolmabsiz. Lekin o‘zim sizga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lib turuvdim. Kecha suhbat bilan chalg‘ib, bir narsani aytish yodimdan ko‘tarilibdi. Uzr, yana bir kunga, atigi bir kungina otning jilovini tortib, oyoqni uzangidan olsangiz. Bugun soat ikkida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Minhojiddin Mirzoning “Visol xabari” she’riy kitobining taqdimoti bo‘ladi. Bu yig‘inga qatnashsangiz zo‘r bo‘lardi. Bir shavqingiz kelib ketsa, so‘zga chiqsangiz ham ajab emas...
Nafis majlislarni rad etib bo‘ladimi axir? Zotan, she’r to‘g‘risidagi suhbat, shoirning ruhiy olamiga uyushtiriladigan safar shukuhi yillarga tatiydi. Surxon vohasidan kelib, bu turdagi mashvaratlarda gapirish esa har kimga nasib etavermaydi.
2
Minhojiddin Mirzo... Xayolim burjlarida yoqimli bahor shabadasi kezayotgandek bo‘ldi. Negadir u кўклaм to‘g‘risida obrazlariga erk berib yozadi. Menimcha, fasllar manzarasini yaratishda Minhojiddindek mohirlik ko‘rsatayotgan oz. U — biroz rassom, biroz musiqa ustasi kabidir. Va ko‘p-ko‘p shoir.
Ko‘z oldimda shoir birodarimning jilmaygan qiyofasi suvratlandi. Taklif ko‘nglimni chog‘ ayladi.
Taqdimotga odam ko‘p yig‘ildi. Aytilganidek, kaminaga ham so‘z berildi. Bu hurmat indallosi Muhammad Alidan chiqqanini darhol anглaдим. Shu hayajon og‘ushida kitobga kiritilgan baquvvat she’rlardan birini ifodali alpozda o‘qidim.
Qarsaklar, olqishlar ostida joyimga qaytib o‘tirayotgan pallam zal go‘yoki o‘rnidan qo‘zg‘alayotgandek bo‘ldi. Qarasam, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov kirib kelayotibdi! Ilkis xayolimdan: “Bu izzat-hurmat, adoqsiz mehr chiroyli, serma’no she’rlar sharafiga shakllanmoqda”, qabilidagi fikr “yalt” etib o‘tib ketdi.
Shu tobda shoir horg‘in, betobroq ko‘rinsa-da hammani hayratlantirib yangroq ovozda so‘z boshladi. Xuddi naвқироn davrlaridagi kabi. Katta zalda shoirning ovozi hukmron, barchaning nigohi unga qadalgandi:
— Minhojiddin, siz bilan necha yillar birga xizmat qildik. Rahbar bo‘lib ishlaganingizni ko‘rdim. Shunday og‘ir-bosiq, vazmin, mulohazali insonsiz. Endi sizday odamning ijodkor bo‘lishi adabiyotimizning ulkan baxti. Shunday ulug‘ joylarda ishlab, she’riyatni tashlab ketmaganingiz uchun qayta-qayta rahmatlar aytgim kelaveradi...
Buyuk shoir Abdulla Oripov ehtimolki, oxirgi marotaba nazm ahli anjumanida ko‘rinish berganida shu gaplarni ta’kidlagan edi. O‘sha ta’kidlaridan so‘ng ma’lum vaqt o‘tib, sog‘ligini tiklash maqsadida xorijga ketdi. Taqdir hazilini qarangki, “Kolumbdan alami bor” joyda fanoni tark ayladi. Abdulla Oripovning xastalik choqlarida ham shogirdlarini o‘ylagani, bir og‘iz shirin so‘zini aytib ketgani mehru muruvvatning timsoli bo‘lib qoldi.
3
U shogirdi xususida shunday deb yozgan: “Minhojiddin Mirzo she’rlarida ona yurt, o‘chmas iymon kabi muqaddas tushunchalar g‘oyat yuksak darajada sharaflanadi. Qadim Andijonda, Bobur va Cho‘lpondek zotlarni yetishtirgan zaminda tug‘ilib o‘sgan shoirimiz xoh tarixiy, xoh zamonaviy mavzuda yozmasin, uning nuqtai nazari yaqqol ko‘zga tashlanib turadi” (Abdulla Oripov. “She’riyatimizning yana bir mirzosi”).
Yigirmanchi asrning oxirlarida milliy she’riyatimiz shu qadar yuksaklikka ko‘tarildiki, o‘zgacha “nuqtai nazar”ga ega bo‘lishning o‘zi murakkablik kasb eta boshladi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Xurshid Davron, Muhammad Yusuf... Bu sirchi (R.Parfi iborasi)larning har biri rangin dunyo!
Ularning aksariyati She’r nima qabilidagi savolga betakror javob topganlar. Minhojiddin Mirzo “varianti” shundoq:
She’r o‘zi nimadir, ishqiy kalima,
Oydin buloq guli – shaffof bir tuyg‘u?
Yo ko‘ngil yig‘isi, shuur gavhari,
Yo hayrat, yo hasrat, eng shirin qayg‘u?!
Qarang-a, qanday chiroyli ta’rif. “Oydin buloq guli — shaffof bir tuyg‘u” misrasining o‘zi idrokka billur shu’la yanglig‘ muhrlanib qoladi. Mening nazdimda, M.Mirzo poetik tilida ayni bir vaqtda Cho‘lpon va Hamid Olimjon lirikasiga yaqinlik bor. Zamondoshimiz ham ustozlari kabi Oq rang oshuftasi. Shoir “Qish ertagi” sarlavhali she’rida jilvalanayotgan kumush shu’lalarni ko‘ngil oynasiga ko‘chiraylik:
Oppoq, harir edi borlig‘ing,
Oydin eding — to‘lin oy eding.
Ko‘zlarimdan qochirganimda
Xayolimga sen kirib kelding.
Oppoq-oppoq orzularimga
Qiyo boqmay kulgan chechagim.
Sendan ayro tushgandan buyon,
Yulduzlarga aytgum ertagim...
She’r yakunida: “Derazaga boqqancha sahar, Bir to‘p gulni ko‘rib yig‘ladim...”, deyishdi. Bu Go‘zallik qo‘zg‘agan yig‘i! Go‘zallik zavqu shukuhni jo‘shtirish barobarida billur ko‘z yoshlarga “maydon yasab” beradi ham. Zotan, Minhojiddin Mirzoning o‘zi qoyilmaqom tarzda ta’riflaganidek:
U — mujda — yetti qat osmondan oshib,
Haqdin kelayotgan munir navodir...
M.Mirzo “Tafakkur” nashriyotida chop etilgan saylanma kitobiga “Gullash payti keldi, bog‘larim” degan nom tanlabdi. Chindan ham, u ayni “gullash” davrida.
Shoirimizning “Qizg‘aldoqlar, йиғлaмanг, kuling”, “Bulbul qo‘shig‘i”, “Kutish”, “Tug‘ilish”, “Yaraldim sen uchun”, “Ey, gul”, “Bahor bo‘lib kel...”, “Hamid Olimjon g‘azaliga muxammas”, “Кo‘nглимda yig‘lagan malaklar...”, “Bahor sog‘inchi” kabi o‘nlab she’rlaridan oydin buloq guli ifori anqib turibdi. Bu she’rlarni astoydil o‘qib, ruhan uqib, ko‘ngil mulki safiga qo‘shsangiz, Minhojiddin Mirzodek nozikta’b shoirnиnг nega hamisha xushkayfiyatda yurishini to‘g‘ri tushunasiz, deb o‘ylayman.
M.Mirzoning ijod yo‘li, shaxsiyati, dunyoqarashi xususida ibratli fikr-mulohazalar bildirilgan. Xususan, milliy she’riyatimizda noan’anaviy usulni voqelikka ko‘chirgan, darvesh tabiat adib, O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi zamondoshimizning “Qayg‘u guli” nomli досtonи haqida quyidagi taassurotlarini aytgan edi:
“Tariximiz beqiyos rangin go‘zalliklarga to‘la, uni badiiy inkishof etmak, badiiy ifodalamak yozuvchilarimiz, shoirlarimiz, musavvirlarimizning ishidir. Umidli shoir Minhojiddin Mirzoning “Qayg‘u guli” asari ruhoniy tariximizga bir nazar, uni so‘z bilan ifodalashga intilishning bir mevasidir. Boborahim Mashrabdek ulug‘ shoir, murakkab shaxs ruhiyatini anglashga intilish, satrlardagi toza samimiyat va mashpabona tug‘yon she’riyatimizga yana bir dilbar shoir kirib kelayotganidan darak beradi”.
Nozikta’b shoir bo‘lish asnosida M.Mirzo mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi va ko‘rsatmoqda. Arbob shoirning ana o‘sha faoliyat qirralari to‘g‘risida O‘zbekiston Rеспubликaсиda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug‘ova shunday deb yozadi:
“Minhojiddin vaziyatga, odamlarga qarab muomalasini, ish uslubini o‘zgartirmaydi. Bu, avvalo, unda mehnat-mashaqqatsiz keladigan manfaatga umidvorlik tuyg‘usi yo‘qligidan, qolaversa, u qanday bo‘lmasin, hammaga birdek yaxshi ko‘rinishni emas, balki har qanday vaziyatda e’tiqodi, vijdonining yuziga tik va xolis qarab, davlatimiz hamda insoniylik qonun-qoidalariga to‘g‘ri keladigan fikrni aytishga odatlangan.
Tilu zabonimga sehru qudrat ber,
Dilimga she’r otliq munis jur’at ber.
Yulduzlar safida etma xijolat,
Yulduzday nur beru sohir jur’at ber!”
Shuningdek, M.Ulug‘ova shoirning maftunkor shaxsiyatini ta’riflagan: “Minhojiddin Mirzoni eslashning o‘zida ko‘ngilga yorug‘lik, issiqlik yuguradi. Va har gal dilimdan: “Alloh kimga o‘g‘il farzand bersa, shu yigitga o‘xshasin”, degan tilak o‘tadi”.
Qiziq jihat shundaki, har xil uslubda asar yaratgan ijodkorlar M.Mirzo ijod yo‘liga mushtarak hayrixohlik ila qaraydilar. taniqli yozuvchi Isajon Sulton nuqtai nazari ham teran mantiqqa ega:
“Har bir shoirning ijodida o‘zi yuksak deb bilgan qadriyatlar tarannumi yotadi. Shoir yo‘qki, Vatani, ona yurti, xalqi haqida she’r bitmagan bo‘lsin. Minhojiddin Mirzo ham butun ijodi ichra yagona o‘q chizig‘i bo‘lib o‘tib kelgan mana shu mavzu inson hayotining eng ardoqli, eng mo‘’tabar tamoyillaridan biri ekanligi haqidagi to‘xtamga keladi, xulosalari tobora ranginlashib, samimiylashib, teranlashib boradi:
Vatan, noming shivirlab,
tanga go‘yo jon kirar,
Yuzingga yuzim bossam,
bosilar qalb titrog‘im.
Otamga to qiyomat
ko‘rpa bo‘lgan o‘zingsan,
Onamga bolish bo‘lgan, sen,
mo‘’tabar tuprog‘im!
Shoirlar hissiy dunyolarni yaratadilar, deydilar. U hislar dunyosida oshufta qalb manzaralarini ko‘ra olasiz. Iste’dod ko‘z tashlagan, diqqat qaratgan voqea-hodisalarga siz ham diqqat qaratasiz, ularga joylangan ma’nolar bilan oshno bo‘lasiz”.
Men mazkur bitiklarni o‘qib, adib do‘stim Muhammad Alining nega eldoshidan faxrlangani, Abdulla Oripovning shogirdiga tashakkur bildirgani sabablarini angladim. Shoir So‘zda va Amalda o‘ziga ezgulikni mayoq bilsa, demakki, u el-ulus orasida e’tibor topadi, martabalarga loyiq ko‘rilaveradi.
Toshtemir TURDIEV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
"HURRIYAT" gazetasining 2020 yil 11 noyabr 40-sonidan olindi