Samimiyat, soddalik, ravonlik – buyuk ijodkor Oybek domla asarlariga xos. Ona tilimizning jozibadorligi, boyligi ustoz adibning asarlarida ustuvordir. Shu kunlarda zabardast adib Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tavalludiga 117 yil to‘ldi.
Ustoz Oybekning ijodi ko‘plarimizning qalbimizga “Bolalik” asari orqali kirib kelgan. G‘ariblikda kechgan, biroq samimiyat, hayotiylikka, beg‘uborligi bois zavq-shafqqa limmo-lim to‘la bu bolalik davri hech birimizni loqayd qoldirmagan. Asar bizlarni murg‘ak adibning ajib sarguzashtlari, yo‘qchilliklararo bolalik sho‘xliklari, mashaqqatli hayot ichra ma’sum go‘dak quvonchiga oshno etgan. Kitobni shunday o‘qimaysiz, mutolaa asnosida Toshkentning qadimiy mahallalari, guzarlari, past-baland loy paxsali hovli-joylariga, bilqillagan tuproqqa to‘lgan tor ko‘chalarini, eski usuldagi maktablarni, boshiyu nihoyasi ko‘rinmaydigan, mevali daraxtlari biri boshqasiga tutashib ketgan qo‘hna bog‘larni miriqib kezasiz go‘yo. Dunyoga kichkintoy Musavoyning beg‘ubor nigohi bilan qaraysiz.
Uning hayratlari, havasi, orzu-armonlari, dunyoni idrok etish tarzi, tafakkuriga, ko‘rgan-kechirganlariga oshno bo‘lasiz. Zavq, iztirob, ba’zan ko‘ngilda og‘riq bilan o‘qiladigan bu asar yillar osha ko‘pchiligimiz uchun qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydigan, eng sevimli kitoblarimizdan biriga aylangani bilan qadrlidir.
Oybek domlaning “Navoiy” asari o‘zbek romanchiligida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Aslida romannavislik adabiyotning eng og‘ir va murakkab janri ekani yaxshi ma’lum. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy yashagan davrni, o‘shanday murakkab zamon ruhini, muhitini, tarixiy shaxslarning o‘y-xayollari, fikrlashi, fe’li-atvorini o‘quvchiga yetkazish, ularning o‘z tilida “gapirtirish”, hayotga munosabati, qarashlari, nuqtai nazarini, maqsad-muddaolarini bugungi davr o‘quvchisiga yetkazib berish muallifdan katta mahorat, tarix, adabiy an’analar, manbashunoslik va boshqa jabhalarda g‘oyat katta bilimga ega bo‘lishni talab etadi.
Asarning ham tarixiy, ham to‘qima qahramonlarga boyligi, voqealar silsilasidagi uzviylik, mantiqiy izchillik, ravonlik uning qadr-qimmaatini yanada oshirishga xizmat qilganini adabiyotshunoslar alohida e’tirof etadilar.
Oybek domlaning zabardastligi ham, zahmatkashligiyu kitobxon oldidagi mas’uliyatni teran his etishi ham ayni shu asar orqali yanada teranroq namoyon bo‘ladi, desak yanglishmaymiz. Ko‘plarimizning Navoiydek buyuk ijodkorga bo‘lgan mehrimiz, ixlosimiz, qiziqishimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, hurmat va ehtiromimizning sobit tarzda shakllanishida Oybekning ayni asari o‘ziga xos o‘rin tutgani tayin.
Manbalarga ko‘ra, Oybek domlaning “Tuyg‘ular”, “Mash’ala” va boshqa she’riy to‘plamlari, “Dilbar — davr qizi”, “Temirchi Jo‘ra”, “Baxtigul va Sog‘indiq”, “Qahramon qiz” va boshqa dostonlari, shuningdek, “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Kuyosh qoraymas”, “Oltin vodiydan shabadalar” singari romanlari, ko‘plab povestlari, hikoya va ocherklari ustoz ijodining rang-barangligini, serqirraligini ko‘rsatadi. Garchi o‘zi yashagan davr ruhiyati, mafkurasi ayrim asarlarida ufurib turgan bo‘lsa-da, lekin baribir Oybek badiiy mahorat bobida betakror yozuvchi ekanini adabiyotshunoslarimiz qayta-qayta e’tirof etadilar.
Ustoz jahon adabiyoti tarjimasi borasida ham samarali mehnat qilgan ijodkorlar safidan o‘rin olganlar. Mustaqillik yillarida ustoz Oybek milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Darhaqiqat, Oybek domlaning sabru-saboti, adabiyotga, ijodga, xalqiga sadoqati, so‘zni ravon, qat’iyat bilan ifoda etish mahorati, ona timizga cheksiz hurmati, mehr-muhabbati biz uchun doim namunadir.
Nazokat Usmonova, O‘zA