Ovullardagi tibbiyot punkti aholi xizmatida
Navoiy viloyati, Uchquduq tumanidagi uzoq ovullarda ham ixcham va qulay tibbiyot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy xizmat sifatini yaxshilash va tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish maqsadida tumanning 4-sektoriga qarashli “Shalxar” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Kontay” ovulida mahalla tibbiyot punkti faoliyat boshladi.

– Prezidentimizning joriy yil mart oyida tibbiyot sohasi vakillari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda tumanning uzoq hududlarida ham mahalla tibbiyot punkti ochilmoqda, –deydi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Xurshid Shukurov – Ushbu tibbiyot shoxobchalari (konteyner)ning foydalanishga topshirilishi aholining uzog‘ini yaqin qilmoqda. Uchquduq tumanining olis “Buzaubay” ovulida, “Geologlar” qo‘rg‘onida hamda “Kontay” ovulida mahalla tibbiyot punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Muhimi, ushbu punktlar aholi qatnoviga qulay bo‘lgan joyda barpo etilgan.

“Buzabay” ovulida 205 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholiga xizmat ko‘rsatish radiusi 120 kilometrni, “Kontay” ovulida esa 48 nafar aholi yashaydi, xizmat ko‘rsatish radiusi esa 35 kilometrni tashkil etadi. “Geologlar” qo‘rg‘onidan eng yaqin tibbiyot muassasasigacha bo‘lgan masofa esa 20 kilometr.

– Birgina jarohatga dori qo‘yib bog‘lash yoki bo‘lmasa vrach tavsiyasiga asosan ukol olish uchun ham sarson bo‘lib bir necha yuz chaqirim naridagi tibbiyot maskaniga qatnardik, – deydi kontaylik Ninagul Nazarova. – Endi bunga hojat qolmadi. Tibbiyot punktimiz bir qadam joyda. Kerakli vaqtda zarur muolaja olish mumkin.
Ixcham va qulay tibbiyot (konteyner) punkti foydalanishga topshirilganidan kontayliklarning quvonchi cheksiz. Ayniqsa ayollar, onalar xursand. Nuroniylarning qo‘li duoda. Ular chekka hudud demasdan, shu manzilga ham e’tibor qaratilayotgani, inson qadri tamoyili aholi turmushida o‘z ifodasini topib, islohotlar olis ovullar hayotiga ham kirib kelayotganiga shukronalar aytmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA