Ovchilarning ovi qimmatga tushdi
Navoiy viloyati Konimex tumani Ekologiya inspeksiyasining davlat inspektorlari tomonidan tezkor nazorat reydlari o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 2 iyul kuni Konimex tumanidagi “Ko‘kcha” ovul fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbirida 2 nafar fuqaro ov taqiqlangan bo‘lsada “Neksiya” avtomashinasiga o‘rnatilgan qo‘lbola tungi yoritgich moslamasi hamda 12 kalibrli ov qurolida 7 dona yovvoyi quyon va 2 dona kaklik ovlagani aniqlandi.
Karmana tumani “Ziyokor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi bu fuqarolarga nisbatan voqea joyida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 6 million 125 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar belgilandi va noqonuniy yo‘l bilan topilgan o‘lja, ov quroli belgilangan tartibda olib qo‘yildi. “Neksiya” avtomashinasi esa jarima maydoniga joylashtirildi.
Endi “olg‘ir ovchilar” sudda javob beradi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA