Vatanimiz tarixidagi 25 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1903 yil (bundan 122 yil oldin) – shoir va mutafakkir, o‘zbek demokratik adabiyoti asoschilaridan biri Muhammad Aminxo‘ja Muqimiy sariq kasaliga chalinib, bu olamdan ko‘z yumdi. Muqimiy qoldirgan adabiy merosning katta qismini jozibador g‘azallar, dilkash muhammaslar tashkil etadi. U adabiyotimiz tarixidagi eng ko‘p murabba (to‘rtlik) yozgan shoirlardan biri bo‘lib, bu uning rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
1912 yil (bundan 113 yil oldin) – kinodramaturg, jamoat arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Sobir Muhamedov tavallud topdi (vafoti 1978 yil). U 1959–1963 yillarda O‘zbekiston madaniyat ishlari vaziri bo‘lgan. Sobir Muhamedov ko‘pgina hujjatli, badiiy, multiplikatsion fil’mlarning ssenariylarini yozgan: “O‘tgan kunlar”, “Zulmatni tark etib”, “Yunus Rajabiy”, “O‘zbekiston o‘rmonlari” va boshqalar shular jumlasidan. U Vasiliy Yanning “Chingizxon” romanini rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Qo‘qonda Farg‘ona viloyati musulmonlari s’ezdi bo‘lib o‘tdi. Viloyat “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti ushbu s’ezdning tashkilotchilaridan bo‘ldi. S’ezdda 42 musulmon tashkilotidan 98 delegat ishtirok etdi. Jadidlar ommani “Sho‘roi Islomiya” atrofida jipslashishga da’vat etdilar.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – adabiyotshunos va matnshunos, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Mahbuba Qodirova tavallud topdi. U mumtoz o‘zbek shoiralari – Zebunniso, Uvaysiy, Nodira, Dilshod Barno, Muslihabegim Miskin, Saodat Mushtariy, Anbar Otin kabi ijodkorlarning hayoti va ijodiy merosini keng ko‘lamda o‘rganib, ilmiy risolalar, monografiyalar yozgan va ularning she’riy to‘plamlarini nashr qildirgan.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Buxoro Respublikasi hukumatining umumiy avf to‘g‘risidagi dekreti e’lon qilindi. Unda vaqflarni tugatishni to‘xtatish, qozixonalar ishini, shariat ko‘rsatmalarini tiklash kabi muhim masalalar qayd etilgan edi.
1931 yil (bundan 94 yil oldin) – Behbudiy (hozirgi Qarshi) shahri kengashi “Abdullaxon madrasasining holati haqida” degan masalani muhokama qildi. Shahar kengashi goh u, goh bu idoralarga ijaraga berilaverib, ta’mirlanmaslik oqibatida ikkinchi qavatdagi ayrim xonalari yaroqsiz holga kelib qolgan madrasa haqida rahbarlar orasida so‘rov o‘tkazdi. Fikri so‘ralganlar: shahar ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Vizgalin, ijroiya qo‘mita a’zolari Abbosov, Ergashev va Yakushevlar edi. Madrasa haqida hukm chiqaradiganlar ham yana shularning o‘zlari edi. Qadimshunoslar u yoqda tursin, bu haqda shaharlik ustalar maslahati ham olinmagan.
Madrasa haqidagi so‘rov asosida shahar ijroiya qo‘mitasi quyidagicha qaror qabul qiladi: “Abdullaxon madrasasi nihoyat yomon holatda, ya’ni qulab tushish xavfi bor, buning ustiga, aytilayotgan madrasa atrofida harakatlanish bo‘lib, ag‘nash yuz bersa, baxtsiz hodisa ro‘y berishi mumkinligini hisobga olib, madrasani buzish maqsadga muvofiq deb hisoblansin. Buzish vaqtida chiqqan yaroqli ashyolar qurilishlarda ishlatilsin. Qayd etilsinki, shahar kengashining bir necha marta bergan xabariga qaramay, O‘zkomstarius o‘z vakilini yubormadi. Holbuki, ushbu masalaning yechimi uchun madrasaning buzilishini ortiq paysalga solib bo‘lmaydi. Shu sababli, zudlik bilan (O‘zkomstariusga) telegramma jo‘natilsin va shundan so‘ng madrasani buzib olishga kirishilsin”. Shu tariqa, Behbudiy shahar kengashining 1931 yil 25 maydagi 17-qarori asosida, Vizgalin, Abbosov, Ergashev va Yakushevlarning fikr-xulosalariga ko‘ra Abdullaxon madrasasi buzib yuboriladi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Qarshi shahridagi eng yirik madrasalardan bo‘lgan Abdullaxon madrasasi va Boqibiy madrasasi XVI asrning ikkinchi yarmiga oid. Manbalarning guvohlik berishicha, Abdullaxon madrasasi shaharning Registon maydonida bevosita xonlik xazinasi hisobiga xonning buyrug‘i bilan barpo etilgan. XIX asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyoda bo‘lgan ingliz diplomati Yujen Skaylerning guvohlik berishicha, bu 80 hujradan iborat kattagina madrasa edi. Abdullaxon madrasasi shaharning shimoli-sharqiy tarafidagi daryoga yaqin joyda qurilgan bo‘lib, 2 qavatli, katta maydonni egallagan yirik madrasalardan edi. Ikkinchi madrasa – Boqibiy madrasasi 100 talaba tahsil olishiga mo‘ljallangan edi. U Qarshi dashtida ov paytida adashib qolgan Abdullaxonni katta yo‘lga olib chiqqan va bu xizmati uchun biy unvonini, keyin esa Qarshi shahar hokimi mansabini egallagan Boqibiyning mablag‘i hisobiga qurilgan.
1945 yil (bundan 80 yil oldin) – o‘zbek xalqining sodiq farzandi, dushmanga qarshi kurashda qahramonlarcha xalok bo‘lgan gvardiyachi general-mayor Sobir Rahimovning dafn marosimi bo‘ldi. Motam mitingida O‘zbekiston Xalq Komissarlari Sovetining raisi Abdurahmonov, O‘rta Osiyo harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Lipatov va respublikaning xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchisi Hasan ota Islamovlar so‘zga chiqdi. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining kotibi Usmon Yusupovning so‘zidan keyin general Rahimovning kuli solingan idish chor qirrali yaxlit marmar tosh ichiga qo‘yildi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaman Arab Respublikasi o‘rtasida elchilar darajasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Bitim imzolandi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga binoan, ekologik ekspertiza deganda rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik va boshqa xil faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash hamda ekologik ekspertiza ob’ektini ro‘yobga chiqarish mumkinligini aniqlash tushuniladi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA