O‘ttiz yilning hayrat va shukronasi
Jannatmakon yurtimiz O‘zbekiston suveren, mustaqil davlat sifatida dunyo xaritasidan joy olganiga 30 yil to‘ldi. Bu sana jonajon Vatanimizda yashayotgan har bir inson uchun tarixiy kun, unutilmas bayram.
O‘tgan o‘ttiz yilning har biri kuni, har bir lahzasi ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot poydevorini qurish va uni mustahkamlashga xizmat qildi. Shuning uchun ham bugun xalqimiz ushbu bayramni shukronalik, ertangi kunga yuksak orzu-umidlar bilan keng nishonlamoqda.
Samarqand viloyatining asosiy bayram tantanalari Samarqand shahridagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida nishonlandi.
Bu maskanga viloyat faollari, turli sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz, nuroniylar va yoshlar, shahar jamoatchiligi vakillari taklif etildi.
Viloyat hokimi E.Turdimov tantana ishtirokchilari va ularning timsolida barcha samarqandliklarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yiligi bilan tabrikladi.
– O‘ttiz yillik shonli, sharafli yo‘limiz bilan chin dildan faxrlansak arziydi. Biz el bo‘lib birlashdik, katta karvonga aylandik – dedi E.Turdimov. – Dunyo biz bilan hisoblashyapti, dunyo bizga havas qilayapti, dunyo bizga intilayapti. Chunki, biz jahon andozasi asosida ishlashni, yashashni o‘rganayapmiz. Biz yaratishga, o‘sishga, yangilik qilishga ko‘nikdik. Shu sababli, kechagi yutuqlarimizdan bugun ko‘nglimiz to‘lmayapti. Biz o‘sish, ulg‘ayish havosini, tajribasini, mahoratini oldik. Xalqimiz ham bugun yuksak manzillarni ko‘zlamoqda. Uzoqqa bormay, keyingi besh yil tahliliga e’tibor qarataylik, sanoat ishlab chiqarish 30 foizga, mahalliy sanoat 41 foizga, qurilish ishlari 62 foizga va xizmatlar ko‘rsatish hajmi 30 foizga hamda asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 2,4 barobarga oshdi.
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni bog‘chalarga qamrovi 20 foizdan bugungi kunga kelib 65 foizga yetdi. Viloyatimizdagi ixtisoslashtirilgan maktablar 16 tadan 60 taga ko‘paydi. so‘nggi uch yilda 44 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari tashkil etildi.
Mamlakatimizda agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida, bu sohaga “klaster” tizimi joriy qilindi. bugungi kunda viloyatda paxta-to‘qimachilik yo‘nalishida 10 ta, meva-sabzavotchilik bo‘yicha 13 ta va boshqa yo‘nalishlarda 21 ta klaster faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga 164,4 ming gektar yer maydoni biriktirib berildi. Bu ishlar samarasida o‘tgan yil aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmi 8,9 million so‘mni tashkil etib, 2017 yilga nisbatan 2,7 million so‘mga ko‘paydi. Ya’ni, 2020 yilda 33,6 trillion so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Viloyatimiz iqtisodiyotida turizmning ulushi ham o‘sib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqand eshkak eshish kanali atrofida 212 gektar maydonda turistik markaz qurilmoqda. Zamonaviy mehmonxonalar, anjuman saroyi va boshqa ob’ektlarni o‘z ichiga olgan ushbu ko‘rkam maskan 2022 yilda foydalanishga topshiriladi.
Ziyorat turizmni rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardar samarali foydalanish maqsadida Imom Buxoriy majmuasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. bugungi kunda viloyatimizda bir vaqtning o‘zida 11 ming 500 nafardan ortiq mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega 412 ta mehmonxona, xostel, mehmon uylari mavjud.
Pandemiya jarayonida ham davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi tufayli yirik korxonalar faoliyati to‘xtamadi. Aksincha, yangi ish o‘rinlari yaratildi. Kichik biznes sub’ektlari soni qariyib 40 mingga yetdi va oxirgi besh yil ichida 29 mingtaga ko‘paydi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 33 mingdan oshdi. O‘tgan davr mobaynida, ayniqsa keyingi besh yilda 26 414 ta xonadondan iborat 478 ta ko‘p qavatli uylar qurilib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida 7994 xonadonli 150 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilmoqda.
– Mustaqillik bayrami mohiyatiga to‘xtalar ekanmiz, davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri savollariga javoblaridagi fikrlarini qayd etmoq lozim, – dedi viloyat hokimi o‘z tabrik so‘zida. – Prezidentimiz mustaqillik mohiyati, bugungi islohotlar mazmunini anglashda oqilona tahlil va xulosalar berdi. Tan olaylik, biz Yangi O‘zbekiston qurayotg animizni gohida anglashga ham ulgurmay qolyapmiz. Keling, bir odilona o‘ylab ko‘ring, o‘zgarishlar, yangilanishlar kirib bormagan soha qoldimi bizda? Kechagina maishiy muammo va ro‘zg‘or tebratishga yordam so‘ragan aholi bugun o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga, qo‘shma korxona ochishga bel bog‘lagan. Farzandlarimizning uch nafardan bir nafari oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu – mustaqillik bergan imkoniyatlar, shiddatli tus olgan islohotlar samarasi. O‘ttiz yilda erishgan natijalarimiz. O‘ttiz yilni inson umriga qiyoslasak, ayni navqiron, kuch-qudratga to‘lgan palla. Jonajon O‘zbekistonimiz ham bugun ana shunday navqiron, o‘z kuch va imkoniyatlarini namoyon etishga tayyor turibdi. Bu vazifani shu yurtda yashayotgan sizu biz, muqaddas Vatanimizning ko‘p millatli xalqi birgalikda amalga oshiramiz.
[gallery-3661]
Marosimda samarqandlik va poytaxtdan kelgan madaniyat, san’at namoyondalari, yosh ijrochilar ishtirokida bayram dasturi namoyish etildi. Bayram munosabati bilan Samarqand shahridagi “Sadaf” bazmgohiga turli sohalarda ko‘p yillar mehnat qilgan viloyat faollari taklif etilib, ular uchun bayram dasturxoni yozildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA