O‘ttiz besh yil el ishonchini qozonib
Qarshi shahrida “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tashkil etilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi mas’ullari, ijodkorlar, OAV xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda dastlab «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalarning bosib o‘tgan yo‘li va bugungi faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng ushbu nashrlarning mamlakatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
[gallery-32179]
- “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari mustaqilligimizning ilk yilida birinchi bo‘lib to‘liq yangidan tashkil etilgan nashr hisoblanadi, - deydi faxriy jurnalist Bo‘rivoy Norqobilov. – Shu ma’noda bu gazetalarni mustaqilligimizning qaldirg‘och nashrlari deyish mumkin. Bugun “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari mamlakatimizning milliy media va matbuot makonida o‘zining katta va muhim o‘rniga ega ommaviy axborot vositalari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Tadbirda bir guruh faol ma’naviy-ma’rifiy soha vakillari, ijodkorlarga “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining 35 yilligi” nishoni tantanali ravishda topshirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari