O‘tmishda eski Termiz “Erlar shahri ”bo‘lganmi?
Sayyohlik manzillari
Termiz shahri mamlakatimiz janubidagi eng qadimgi va navqiron shaharlardan biri. Manbalarda Termiz shahar qal’asiga miloddan avvalgi I ming yillikning o‘rtalarida asos solingani aytiladi. Shaharning nomi qadimgi baqtr tilidagi “ Taro Maetha ” so‘zidan olingan bo‘lib, u ” daryoning narigi sohilidagi manzilgoh “, degan ma’noni anglatadi. Olimlar miloddan avvalgi 327 yilda Aleksandr Makedonskiy bu qal’aga Oks bo‘yidagi Aleksandriya shahri, deb nom berganini aniqlagan. Miloddan avvalgi III asrda shahar Antioksiya – Tarmita deb atalgan. Termiz IV-V asr arman manbalarida “Drmat”, VII asrga oid xitoy manbalarida “ Tami ”, deya yuritilgan. IX-XII asrlarga oid arab-fors manbalarida shaharning nomi “Tarmid”, “Tarmiz” va “Tirmiz” ko‘rinishida yozilgan.

Yunon – Baqtriya podshohligi hukmronligi davri (mil. avv. III-II asrlar)da Termiz Baqtriyaning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lib, u vohaning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim ahamiyat kasb etgan. Bu davrda shahar 10 gektardan ortiq maydonni egallagan va Shimoliy Baqtriyaning eng yirik markazlaridan biri hisoblangan. Kushonlar davrida Termiz Baqtriyaning ijtimoiy – siyosiy va madaniy hayotida muhim rol o‘ynagan. Shaharda ko‘plab mahobatli ma’muriy va ijtimoiy binolar barpo etilgan, hunarmandchilikning turli sohalari, savdo – sotiq yuksalgan. Shahar Amudaryo bo‘yidagi asosiy port shahriga aylangan. Shahar portidan chiqqan katta qayiq va kemalar qadimgi Xorazm va undan Uzboy orqali Kaspiy dengizigacha suzib borgan. Kushonlar davrida Termiz shahri buddaviylik dini va madaniyatining O‘rta Osiyodagi eng yirik markazi sanalgan. Kushon saltanatining ilm – fan rivojlangan markazlaridan biri hisolangan.

– Kushonlar saltanati inqirozga uchragach, shahar alohida hokimlik sifatida ma’lum vaqt sosoniylar, eftaliylar keyinchalik Turk xoqonligi tarkibiga kirgan, – ¬deydi Surxondaryo vilotii hokimi o‘rinbosari, viloyat turizm va sport bosh boshqaarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev.¬ – VIII asr boshlarida arab xalifaligiga qo‘shib olingan. IX asrda shahar somoniylar davlati, XI-XII asrlarda g‘aznaviylar, qoroxoniylar, saljuqiylar davlati tarkibiga kirgan. Bu davrda shahar har tomonlama ravnaq topgan. Eski Termiz uch tarkibiy qism – qal’a, shahriston va raboddan iborat bo‘lib, 500 gektardan ortiq maydonni egallagan. Ayni paytda arxeolog olimlar bu yerni chuqur o‘rganmoqda. Jumladan, o‘sha davrlarda shaharda ko‘plab yangi ma’muriy binolar, masjidlar bunyod etilib, keng ko‘lamda obodonchilik ishlari olib borilgan. Shaharda hunarmandchilikning turli sohalari rivojlangan. Termiz hunarmandlari tayyorlagan ko‘plab maxsulotlar uzoq o‘lkalarda ham juda xaridorgir bo‘lgan. Xususan, Termiz sovunlari, attorlik buyumlari va qayiqlari Sharq mamlakatlarida g‘oyatda qadrlangan.

O‘rta asrlar manbalarida Termiz Shimoliy Toharistonning iqtisodiy va madaniy markazi deya e’tirof etilgan. Bu davrda shaharda islom dunyosida mashhur ko‘plab buyuk alloma va shoirlar yashab ijod etgan. 1220 yil kuzida Termiz shahri Chingizxon qo‘shinlari tomonidan zabt etilib, vayron qilingan. Aholisi bosqinchilarga qarshi mardonavor kurash olib borgani uchun shahar “Madinat ur-rijol ”, ya’ni “ Erlar shahri ”, deb ulug‘langan.

Temuriylar va Buxoro xonliklari davrida Termiz Amudaryo bo‘yidagi muhim strategik qal’a sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Qal’ada kechuvni himoya qiluvchi kuchli harbiy garnizon joylashgan.
Qiyofasi tubdan o‘zgarib, yangi-yangi osmono‘par inshootlar qad rostlayotgan shaharda qadimdan saqlanib qolgan va o‘tmishdan so‘zlaydigan ko‘plab tarixiy ¬ arxeologik yodgorliklar dunyo sayyohlarini o‘z bag‘riga chorlamoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA