OTMga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq noqonuniy holat fosh etildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oliy ta’lim muassasasiga noqonuniy tarzda o‘qishga kiritish bilan bog‘liq holat fosh etildi.
Xususan, 1997-yilda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida yashovchi shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, tanishlari yordamida uni go‘yoki Rossiya Federatsiyasidagi oliy ta’lim muassasalaridan birida 2 yil o‘qiganligi to‘g‘risidagi soxta hujjatlar asosida poytaxtda joylashgan xususiy oliygohning 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 8 ming AQSH dollari talab qilib, 7500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur shaxsdan 7500 AQSH dollarini olgan vaqtida Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida ro‘yxatda turib, Toshkent shahrida vaqtincha yashovchi, 1993 y.t. fuqaro ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu noqonuniy ishga Yakkasaroy tumani IIO FMBning inspektor-psixologi ham aloqadorligi aniqlandi va tezkor tadbir davom ettirildi.
Natijada, inspektor ham 7500 dollarni olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.
O‘zA