“Otliq kavaleriya” paradi unutilmas tomoshaga aylandi
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 avgustdagi “O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi Qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator manzilli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Poytaxtimizda o‘tkazilishi an’ana tusini olgan “Otliq kavaleriya” paradi ham shular jumlasidandir.
9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Amir Temur” xiyoboni bo‘ylab, Milliy gvardiya boshchiligida Toshkent shahri hamda viloyat kuch tuzilmalarining otliq bo‘linmalari ishtirokida “Otliq kavaleriya” paradi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Milliy gvardiya faxriy qorovul batal’oni kavaleriya eskadroni, Chavandozlar maktablari, Ot sporti bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar va Mudafaa vazirligi, Davlat xavsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, O‘zbekiston Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Ot sporti bo‘yicha Uzbekiston Milliy terma jamoasi chavandozlaridan iborat 100 ga yaqin otliqlar ishtirok etdi.
Ushbu “Otliq kavaleriya” paradi yurdoshlarimiz va mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan sayyohlar uchun ham haqiqiy unutilmas tomoshaga aylanmoqda. Sababi tadbirda tomoshabinlar otliq harbiylar, sportchilar hamda chavandozlarni ko‘rish bilan birga eng sara otlarni tomosha qilish imkoniga ham ega bo‘lishmoqda.
[gallery-23172]
— Poytaxtda parad bo‘lishini eshitib, farzandlarimni olib keldim,—deydi farg‘onalik Muslima Xudoyberdiyva.— To‘ng‘ich o‘g‘lim Sherzodbek otlarga qiziqadi. Ushbu paradda u sara otlarni ko‘rib, rosa quvondi. Chavandozlar bilan birga rasmga tushdi. Hozir 6 yosh. Keyingi yildan uni ham ot sportiga berish niyatidamiz.
Navbatdagi “Otliq kavaleriya” paradiga ko‘plab poytaxtimiz aholisi va mehmonlari tashrif buyurib, harbiy orkestor sadolari ostida otliqlar harakatini kuzatishdi.
N.Rahmonova, N.Haydarov (surat), O‘zA