O‘tgan 2025 yil sirdaryolik yoshlar hayotida esda qolarli yil bo‘ldi
Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida yoshlar masalasi davlat taraqqiyotining strategik yo‘nalishi sifatida izchil belgilangan.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham yoshlarning ijtimoiy faolligi, liderlik salohiyati va fuqarolik mas’uliyatini yuksaltirish ustuvor vazifalar qatorida alohida qayd etilgan.

Ana shu strategik maqsadlarni hududlarda hayotga tatbiq etishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Azizbek Rahmonov boshchiligidagi faol, izlanuvchan va yangicha fikrlaydigan sirdaryolik yoshlarning o‘rni alohida.

– Prezidentimizning Murojaatnomasi biz, sirdaryolik yoshlar uchun faqat yo‘l-yo‘riq emas, balki har bir tashabbusimizni baholash mezonidir, – deydi Azizbek Rahmonov. – Agar yoshlarga qaratilgan ish aniq natija bermasa, demak u davlat strategiyasiga to‘liq javob bermagan bo‘ladi.

Ana shu yondashuv 2025 yil davomida amalga oshirilgan barcha loyihalarning asosiy g‘oyasiga aylandi. Yoshlar bilan ishlashda hisobot uchun o‘tkaziladigan tadbirlardan voz kechilib, uzoq muddatli samaraga ega loyihalarga ustuvor ahamiyat qaratildi. Natijada yoshlar ijtimoiy loyihalarning nafaqat ishtirokchisi, balki bevosita muallifiga aylandi.

– “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining eng muhim jihati — yoshlarga ishonish tamoyilidir, – deydi Azizbek. – Bugun yoshlardan tayyor yechim kutish emas, balki ularga qaror qabul qilish imkoniyatini berish muhim. Biz Sirdaryoda aynan shu yo‘lni tanladik.
Bu yondashuv natijasida 2025 yilda viloyatda yoshlar tashabbusi bilan qator ijtimoiy, madaniy va sport loyihalari amalga oshirildi. “Yoshlar oyligi”, “Jasorat maktabi”, intellektual o‘yinlar, shaxmat musobaqalari hamda ma’rifiy tadbirlar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bilan birga, ularda liderlik, jamoada ishlash va mas’uliyat hissini shakllantirishga xizmat qildi.
Vatanparvarlik va qonun ustuvorligi masalalari Prezident Murojaatnomasida alohida ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu haqda Azizbek Rahmonov shunday deydi:
– Vatanparvarlik shior bilan emas, amal bilan shakllanadi. Yoshlar davlat tizimi qanday ishlashini o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, ularda jamiyatga daxldorlik hissi kuchayadi.
Tahlilchilar fikricha, 2025 yil Sirdaryo viloyatining yoshlari siyosatida sifat o‘zgarishlari ro‘y bergan yil bo‘ldi. Yoshlarning mahalliy boshqaruv, jamoatchilik kengashlari va ijtimoiy tashabbuslardagi ishtiroki sezilarli darajada oshdi. Bu esa Prezident Murojaatnomasida belgilangan “Yoshlar — islohotlar drayveri” g‘oyasining hududiy amaliyoti sifatida baholanmoqda.
Sirdaryo viloyati yoshlarining yetakchisi o‘z faoliyatiga shunday xulosa qildi:
– Bizning asosiy maqsadimiz yoshlarni tayyor ssenariyga moslashtirish emas, balki ularni mustaqil fikrlaydigan, jamiyat uchun mas’uliyatni his qiladigan shaxs sifatida shakllantirishdir. Agar 2025 yilda hech bo‘lmaganda bitta yosh o‘z kuchiga ishona boshlagan bo‘lsa, demak mehnatimiz zoye ketmabdi. O‘tgan 2025 yil nafaqat men, balki butun Sirdaryo viloyati yoshlari uchun ham esda qolarli yil bo‘ldi. Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oyalar va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan rejalar biz yoshlar uchun hayotiy maqsadga aylandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri