Otaliqqa olingan yoshlar daromadga kirmoqda.
Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Binobarin, Davlatimiz rahbarining “Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat” degan g‘oyani ilgari surgani ham bejizga emas. Shu ma’noda adliya organlari otaliqqa olingan yoshlar bilan individual ishlab, ularning muammolari bilan qiziqib, ijtimoiy, huquqiy manfaatlarini ta’minlashga harakat qilayotgani ham samarasiz ketayotgani yo‘q.
— Birgina Samarqand viloyat adliya boshqarmasi va viloyatdagi adliya organlari tomonidan otaliqqa olingan 30 ming nafardan ortiq yoshlarning muammolari xatlovdan o‘tkazilib, ayni paytda ularga ijtimoiy, huquqiy ko‘mak ko‘rsatilishi davom etmoqda, — deydi boshqarma boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Ozodjon Shodiqulov. — Xususan, payariqlik yosh oila vakillari Shahzod Boliyev va Dildora Mamadiyorova ham otaliqqa olingan yoshlardan. Moddiy qiyinchiliklar sabab migratsiyada bo‘lib qaytgan. Adliya xodimlari xonadoniga borib, ularning shart-sharoiti, muammolarini o‘rganishganda Dildora tikuvchilikka qiziqishi, turmush o‘rtog‘i Shahzod esa moto skuter olishda ko‘maklashilsa, shu kasb orqasidan o‘zini o‘zi band qilgan holda oila byudjetiga hissa qo‘shmoqchi ekanliklarini ma’lum qilgandi. Joriy yilning may oyida ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatilib, oilaning moddiy ahvolini yaxshilashga sharoit yaratilgandi. Bugungi kunda biri tikuvchilik, ikkinchisi esa yuk tashish xizmatini yo‘lga qo‘yib, oilaning kunlik daromadi 200-300 yuz ming so‘mni tashkil etmoqda.

Olib borilgan xatlovlar natijasida otaliqqa olingan yoshlarning 34 ming 372 nafarning 9 967 ta muammolari o‘rganildi. Hozirgacha ularning 4 mingdan ziyodi, ya’ni, 49,6 foizi hal etilib, otaliqqa olingan yoshlarga 189 million so‘mdan ortiq amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ta’kidlash kerakki, manzilli ravishda o‘tkazilayotgan huquqiy o‘rganishlar odamlarga yopiq bo‘lgan ko‘plab imkoniyatlar eshiklarini ochib bermoqda. Payariq tuman adliya bo‘limining “Juvozxona” mahallasidagi huquqiy o‘rganishlarida fuqaro Mohira Abdiyeva kenja farzandi maktabga qabul qilinmayotganini ma’lum qilgan. O‘rganishlarda fuqaro uzoq yillar muqaddam pasportini yo‘qotgani, moliyaviy muammolar bois bolaga tug‘ilganlik guvohnoma ololmagani aniqlandi. Adliya bo‘limi homiylarni jalb qilgan holda ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda fuqaroga pasport olishda ko‘maklashdi va shundan so‘ng bolaga tuman 1-son FHDYO bo‘limi tomonidan guvohnoma rasmiylashtirildi. Farzandi esa bugun tengqo‘rlari bilan ta’lim olib kelmoqda.
Mamlakatda fuqarolar, jumladan, yosh avlodning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam tizim yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda yangicha tus olib, aholining turmush farovonligini yanada oshishiga xizmat qilmoqda.
Mansur Hasanov,
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi Axborot xizmati rahbari