Otabek polvon Osiyo chempioniga aylandi
Osiyo chempionatida Otabek To‘xtamurodov turkmanistonlik raqibini final bosqichida mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi
Taylandning Pattayya shahrida erkin kurash bo‘yicha U15 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari ham shohsupaga ko‘tarilib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi.
Musobaqa davomida 38 kilogrammgacha vazn toifasida Otabek To‘xtamurodov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, o‘z vaznlarida Asomiddin Badritdinov va Ismoiljon Nazirjonov finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etib, yakunda terma jamoamiz hisobiga kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Ozodbek Abdivoitov va Behruz Davronov shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi va musobaqaning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatining ayollar kurashi bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarda vakillarimiz 4 kumush va 2 bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA