Korrupsiya. Bu so‘z keyingi paytlarda odamlar orasida tez-tez tilga olinadigan, la’natlanadigan so‘zga aylandi. To‘y-ma’raka bo‘ladimi, transport vositalaridagi suhbatlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi mulohaza va tortishuvlar bo‘ladimi, albatta, gap korrupsiyaga borib taqaladi. Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan korrupsiyaga oid axborot va xabarlar ham unga qarshi kurash avj olayotganligidan dalolat beradi.
“O‘tgan 4,5 yilda 9546 nafar shaxs turli toifadagi korrupsion jinoyatlarni sodir qilgan. Bu jinoyatlar oqibatida davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 3 trillion 200 milliard so‘mga yaqinni tashkil qiladi”, deyiladi Bosh prokuratura tomonidan berilgan axborotlardan birida. Nazarimizda, bu hali hammasi emas. Bu aniqlangan, ochilgan jinoyatlarga daxldor raqamlardir. Ochilmasdan, xufiyonaligicha qolayotganlari borligiga ham hech qanday shubha yo‘q.
bugungi kunda yurtdoshlarimizni qattiq tashvishlantirayotgan korrupsiya jinoyatlarining barchasini ochish uchun unga qarshi kurashuvchi davlat organlarining imkoniyati yetarli emas. Chunki, bu toifadagi jinoyatlar o‘ta yashirin, juda ustakorlik va uddaburonlik bilan amalga oshiriladi. Ammo, xalqimizda bir ajoyib hikmat bor: “Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi”.
Muhimi, davlatimiz rahbari korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib bormoqda va turli imkoniyatlardan foydalanish, bu illatga qarshi davlat organlari vakolatlarini kengaytirish choralarini ko‘rmoqda. Shunday sa’y-harakatlarning navbatdagisi Prezidentimizning 2021 yil 8 iyulda e’lon qilingan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidir.
Farmonda mamlakat rivojlanishining bugungi bosqichida korrupsiya O‘zbekiston davlati va jamiyati taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekanligi qayd etilgan holda, korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi ayovsiz kurashish huquq-tartibot organlarining, barcha darajadagi davlat organlari rahbar va xodimlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilandi.
Ayniqsa, “Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta’minlash uchun barcha kuch va vositalarni safarbar etsin”, degan vazifa butun vujudi bilan korrupsiyaga qarshi turgan faol fuqarolarimizning dilidagi gap bo‘ldi.
Korrupsiya nima o‘zi? Nima uchun barcha bu so‘zni eshitishdan bezillaydi? Nega korrupsionerlarni yomon ko‘radi? Bu savollarga Prezident tomonidan aniq javob berilgan: “Korrupsiyaning da’vosi – “halollik vaksinasi”. Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiya – harom luqma, harom manfaat. U nafaqat moddiy, balki nomoddiy manfaat shaklida ham bo‘lishi mumkin. Ayrim yurtdoshlarimizning (davlat, jamiyat va boshqalarning mulkini o‘zlashtirish yoki o‘zlashtirish uchun shart-sharoit yaratib qo‘yish, pora olish yoki pora berish orqali biron bir manfaatni qo‘lga kiritish, mansabini suiiste’mol qilish, xizmat vakolatidan chetga chiqish orqali kimlarningdir hojatini chiqarib “rahmat” olish, xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash sharti bilan boshqalarga zarar yetkazish uchun imkoniyat yaratish, imtihon bahosini oshirib berish, kasalxonaga yo‘llanmani navbatsiz hal etish, haj safariga navbatdan tashqari yuborish, turmush o‘rtog‘ining ukasini ishga joylab qo‘yish va boshqa yo‘llar bilan manfaat ko‘rish) harom luqma, harom manfaatdan hazar qilmay qolganligi bugungi kunda mamlakat rivojiga, xalq farovonligiga soya solmoqda.
Ochig‘i, oddiy odamlar davlat va jamiyat mulkini o‘zlashtirish va poraxo‘rlik jinoyatlari ko‘p sodir etilayotganligini rasmiy statistik ma’lumotlarga qarab emas, ayrim, hamma qatori o‘rtacha ish haqi oladigan rahbarlarning hayotidagi keskin o‘zgarishlarga qarab baholaydi. Agar ikki million dollarlik uy yoki dala hovli sotib olgan tadbirkor bo‘lsa, u bilan hech kimning ishi ham, gapi ham yo‘q. Ammo, o‘sha ikki million dollarlik uyni davlat xizmatchisi sotib olsa-chi? Bu o‘rinda “nega hamma davlat xizmatchilari u qatori boy emas?” degan savol paydo bo‘lishi tabiiy, albatta.
Aslida, birovning cho‘ntagidagi pulini hisoblash, boyligiga ko‘z olaytirish odobdan emas. To‘g‘ri, bu – hasad. Agar bir kishi qo‘shnisiga: “Nega menda bir qavatli uy, sizda esa uch qavatli, buncha pulni qayerdan topayapsiz qo‘shni?” – deb qolsa bormi, qo‘shni ham jahl bilan: “Xudoning bergani-da. Hasad qilmang, og‘ayni”, deb qo‘shnisiga o‘shqiradi. Vaholanki, “hasad bilan emas, havas bilan yashash kerak”, qachonki orttirilgan boylik haloldan kelgan bo‘lsa.
Prezident farmonida bu masalalarga oydinlik kiritildi. 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i-yu farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladigan hamda kimda kim bu tartibni buzadigan bo‘lsa, davlat xizmatidan chetlashtirilib, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi.
Qolaversa, 2022 yil 1 yanvardan boshlab davlat xizmatchilariga respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish kabilarning taqiqlab qo‘yilishi ham jamoatchilikning ko‘nglidagi gapning ro‘yobga chiqishidir. Prezident tomonidan o‘rnatilgan bu tartib “falonchi mansabdorning Shveysariya bankida qancha puli bor ekan”, kabi taxmin va shubhalarga o‘rin qoldirmaydi.
Ushbu farmon bilan korrupsiyaning oldini olish uchun keng jamoatchilikning fikri va takliflari e’tiborga olingan holda yana bir muhim amaliyot kiritilmoqda. Endi korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor, deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri, ya’ni, hamma tanishish imkoniga ega bo‘lgan ro‘yxati yuritiladi. Bundan buyon korrupsionerlarning basharasini xalq ko‘radi. Ulardan o‘zini tortadi. Halol luqmasi yoki boshqa manfaatlarini ulardan ehtiyot qiladi. Bu hali hammasi emas. Ro‘yxatga kiritilgan korrupsionerlarning boshqalarga nisbatan yana bir qator imkoniyatlari ham cheklanadi.
Masalan, korrupsioner sifatida ro‘yxatga kirganlar davlat xizmatiga ishga qabul qilinmaydi. Davlat mukofotlari bilan taqdirlanmaydi. Saylanadigan yoki alohida tayinlanadigan lavozimlarga nomzodi ko‘rsatilmaydi. Davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarning a’zoligiga ham qabul qilinmaydi. Davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yurita olmaydi. Yana, ular tomonidan ta’sis etilgan va (yoki) ular ishtirokchisi hisoblangan tadbirkorlik sub’ektlari davlat xaridlari va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashish, shuningdek, davlat aktivlarini xususiylashtirish bilan bog‘liq tender va tanlov savdolarida ishtirok eta olmaydi.
Mana, ro‘yxatning ahamiyati qanchalik katta. Muhimi, inson huquqlari bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro talablarga zid bo‘lmagan bu cheklovlar, avvalo, ogohlantiruvchi xususiyatga ega. Ha, mazkur farmon chiqqan kunidan boshlab har birimiz uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Farmondan o‘ziga tegishli xulosani chiqarib olmagan odam nafaqat jinoiy javobgarlikka tortiladi, yuqorida sanab o‘tilgan cheklovlarga ham mahkum bo‘ladi.
Farmonda davlat organlariga xalqning xohish-irodasi aks etgan yana bir muhim topshiriq berilgan va bu topshiriq ham shu turdagi jinoyatlarning oldini olishda alohida ahamiyatga molik.
Birinchisi, Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilab qo‘yish.
Ikkinchisi, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralarini uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish.
Uchinchisi, daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash jarayonida aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatish.
To‘rtinchisi, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy jazoni o‘tashda yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilash kabilar nazarda tutilgan.
Darhaqiqat, aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda juda ko‘plab fuqarolarimiz korrupsiya jinoyatlarining o‘sish sabablaridan biri sifatida jazolarning yengilligini bildirishgan. Nega o‘zlashtirish jinoyati ko‘p, degan savolga ham yurtdoshlarimiz “jazo yengil” deb javob qaytarishgan. Bu bejiz emas. To‘g‘risi, mustaqillikning dastlabki yillarida jazolarning liberallashuvi (jazolarning keskin kamaytirilishi, mol-mulkni musodara qilish qo‘shimcha jazosining olib tashlanishi va boshqalar) jinoyatlarning oshishiga, ayniqsa, juda ko‘p miqdordagi o‘zlashtirishlarga zamin yaratganligi ko‘pchilikka ma’lum.
Masalan, korrupsion jinoyat hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasida o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish uchun uch qismda jazo belgilangan bo‘lib, eng og‘iri, uchinchi qism hisoblanadi. Ya’ni, eng og‘iri hisoblangan uchinchi qismga ko‘ra o‘sha harakatlar: juda ko‘p miqdorda; o‘ta xavfli retsidivist tomonidan; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab; kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda (bugungi kun hisobida 147 million so‘m) jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Mana, nima uchun milliard-milliard pullar o‘zlashtirilmoqda. Bu ham kamdek, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Shu sababli, Prezidentimizning qonunchilikda jazo amaliyotini qayta ko‘rib chiqish haqidagi topshirig‘i xalqimizning ko‘nglidagi gap bo‘ldi. Darhaqiqat, ayni vaqtda korrupsiya jinoyatlaridagi “juda ko‘p miqdor” uchun jazo choralarini uzoq muddatli qamoq jazolariga almashtirish va ularning huquqlarini cheklash vaqti keldi. Lozim topilib, “yetkazilgan zararni aybdorlardan o‘n baravar miqdorida undirib olish” haqidagi normalar ham qonunchilikka kiritilsa, ushbu farmon talablariga to‘liq mos kelgan holda, jinoyatchilikning keskin kamayishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, har qanday jazo jinoyatchining qilmishiga yarasha bo‘lmog‘i lozim, undan og‘iri adolatsizlik bo‘lgani kabi, jazoning yengili ham shu qadar adolatsizlikdir.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining maqsad-vazifalaridan biri ham korrupsiyaga qarshi murosasiz bo‘lishdir. Biz korrupsiya va uni keltirib chiqaruvchi sharoitlar jamiyat uchun qanchalik og‘ir oqibatlar vujudga keltirishini chuqur anglagan holda, u bilan keskin kurashish uchun butun xalqimizning yordamiga tayanib maydonga chiqdik. Bu yo‘lda davlat rahbarining farmon va qarorlari barchamizga dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
siyosiy kengashi raisining o‘rinbosari