Guliston davlat universitetiga “Dolzarb 90 kun” doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri maslahatchisi, O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Isajon Sultonov tashrif buyurdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Guliston davlat universiteti Boshlang‘ich tashkilotining tashabbusi bilan talabalarning oilasi bilan jamiyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan yana bir muhim tadbir “Sharaf yorlig‘i” ni topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Bu galgi e’tirofga ishlab chiqarish texnologiyalari fakultetining 3-bosqich talabasi, yosh tadqiqotchi Abdullayeva Fotima Baxtiyor qizi hamda Tabiiy fanlar fakulteti talabasi Komila Sayfiddinovaning ota-onasi sazovor bo‘ldi. Ularga Guliston davlat universiteti rektori tomonidan maxsus tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

–Ta’lim tizimida nafaqat bilim berish, balki tarbiyaga ham alohida e’tibor qaratiladi, – Vazir maslahatchisi, yozuvchi Isajon Sultonov. – Universitetdagi bunday amaliy tashabbuslar ta’lim, oila va jamiyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlaydi. Bu orqali nafaqat talabalar, balki ularni tarbiyalagan ota-onalar mehnati ham qadrlanadi. Bu chin ma’noda ma’rifatparvar yondashuvdir.

Tadbirda universitet rahbariyati, Yoshlar ittifoqi koordinatorlari, professor-o‘qituvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bunday tashabbuslar Guliston davlat universitetida talabalar faolligini rag‘batlantirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va ma’naviy muhitni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri