“Ota-onalar forumi”
Xorazmda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida talaba-yoshlarning ta’lim olish sharoitlari va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan ota-onalarni yaqindan tanishtirish maqsadida “Ota-onalar forumi” o‘tkazildi.
Forum doirasida ota-onalar universitetning o‘quv binolari, zamonaviy auditoriyalari, ilmiy laboratoriyalari, kutubxona, sport inshootlari hamda talabalar turar joylari bilan tanishtirildi. Fakultetlar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar, talaba-qizlarning ijodiy ishlari hamda yoshlarning qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar namoyish etildi.
Forum doirasida universitet rektori Feruza Madrahimovaning ota-onalar bilan uchrashuvi o‘tkazildi.
[gallery-29800]
Unda mamlakatimizda yoshlarga, ayniqsa, talaba-qizlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, oliy ta’lim tizimidagi islohotlar, universitetdagi ta’lim jarayoni va zamonaviy sharoitlar haqida so‘z yuritildi.
Yoshlar tarbiyasi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash, ijtimoiy faolligini oshirishda ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida o‘qish, ilmiy izlanishlar, ijodiy faoliyat, sport musobaqalari va jamoat ishlarida faol talaba-qizlarning ota-onalariga rektorning tashakkurnomalari topshirildi.
Uchrashuvdan so‘ng badiiy konsert dasturi namoyish etildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat)
O‘zA muxbirlari