Buxoro shahridagi 35-umumta’lim maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ota-onalar ishtirokida ochiq muloqot tadbiri tashkil etildi. Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev va Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Sarvar Mamayusupov ishtirok etdi.
Muloqotda bugungi globallashuv jarayonlari oila va maktab hamkorligini yanada mustahkamlashni talab etayotganligi alohida ta’kidlab o‘tildi. Ota-onalarning ta’limni yanada yaxshilash, yoshlarning axloqiy tarbiyasini mustahkamlash, yangi pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish kabi masalalarda fikr va takliflari tinglandi.
– Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi hamda Milliy gvardiya hamkorligida amalga oshirilayotgan bu kabi tizimli ishlar, “Maktab ta’limi bo‘yicha ota-onada mas’uliyat, o‘qituvchida majburiyat, o‘quvchida ishonch, ta’lim va tarbiyada sifat, mahallada esa nazorat bo‘lishini kafolatlaydi, – deydi Buxoro shahridagi 35-umumta’lim maktabi direktori Olima Nurova. – Keyingi paytlarda o‘quvchilarimiz davomatida ijobiy o‘zgarish sezilyapti. Oila va maktab hamkorligi kuchaydi. Bu albatta, ta’lim sifatiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
[gallery-21816]
Olis Qorako‘l tumanidagi 5-umumta’lim maktabida ham shu kabi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Milliy gvardiya bilan birgalikda umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning ta’lim-tarbiyasi va ularni davomatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan majlisda viloyatdagi mavjud 546 ta maktab direktorlari va inspektor-psixologlar ishtirok etdi.
Ta’kidlash joiz, bugungi kunda Milliy gvardiya tomonidan maktablarga biriktirilgan xodimlarning ta’lim muassasa direktorlari va ularning o‘rinbosarlari hamda mahalla faollari bilan “Maktab – ota-ona – mahalla” tamoyili asosida hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan ishlar samarasida qisqa vaqt ichida o‘quvchilarning davomatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi.
Elektron platformaga kiritilgan davomat ma’lumotlari bilan sinflardagi real davomat o‘rtasida tafovut mavjudligi aniqlanib uning sabablari doimiy ravishda o‘rganilmoqda.
Yig‘ilishda maktab direktori va inspektor-psixologlarga davomat masalasini doimiy tahlil etib borish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z muddatida bartaraf etishda zarur choralar ko‘rish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari