Avvalgi hadis va rivoyatlarda ota-onaga ularning hayotlik davrlarida yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlar o‘rganilgan edi. Ushbu hadisda esa ular vafot etib ketgandan keyin ortlaridan yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarni o‘rganamiz.
Avvalgi hadis va rivoyatlarda ota-onaga ularning hayotlik davrlarida yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlar o‘rganilgan edi. Ushbu hadisda esa ular vafot etib ketgandan keyin ortlaridan yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarni o‘rganamiz.
35 - عَنْ أَبِيأُسَيْدٍ قَالَ: كُنَّا عِنْدَ النَّبِيِّ r، فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللهِ، هَلْ بَقِيَ مْنِ بِرِّ أَبَوَيَّ شَيْءٌبَعْدَ مَوْتِهِمَا أَبَرُّهُمَا؟ قَالَ:«نَعَمْ، خِصَالٌ أَرْبَعٌ: الدُّعَاءُ لَهُمَا، وَالْاِسْتِغْفَارُ لَهُمَا، وَإِنْفَاذُ عَهْدِهِمَا، وَإِكْرَامُ صَدِيقِهِمَا، وَصِلَةُ الرَّحِمِ الَّتِي لَا رَحِمَ لَكَإِلَّا مِنْ قِبَلِهِمَا».
35. Abu Usayddan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Bir odam:
«Ey Allohning Rasuli! Men uchun ota-onamga ular dunyodan o‘tganlaridan keyin qiladigan yaxshilik qoldimi?» deb so‘radi.
«Ha! To‘rt xislat qoldi: ularga duo qilish, ularga istig‘for aytish, ularning ahdiga vafo qilish, ularning do‘stlarini va ularsiz silai rahm bo‘lmaydigan kishilarni ikrom qilish», dedilar».
Sharh: Aslida vafot etgan odamning bu dunyoda qilgan amallari asosida oxiratdagi maqomi belgilanadi. Uning zarracha yaxshiligi yoki yomonligi bo‘lsa ham hisobga olinadi. Ammo Alloh taolo ummati Muhammad alayhissalomga rahm ko‘rsatib, ularning o‘limlaridan keyin ham ortlaridan savob yetib boradigan etib va ularning oxiratdagi maqom hamda darajalarining ortib borishiga yo‘l ochib qo‘ygan.
Ushbu hadisi sharifda ana shu yo‘llardan to‘rttasi ko‘rsatilmoqda.
Farzand ota-onasi tirikligida ularning xizmatini qilib, roziligini olib, yaxshiliklar qilib o‘tishga targ‘ib qilinadi. Lekin ota-ona vafot etganidan keyin ham, ushbu hadisda kelgan ta’limotga binoan, ularga to‘rt xil yaxshilik qilsa bo‘lar ekan.
1. Duo qilish.
Ota-onalarning haqqiga Alloh taolodan yaxshiliklar – jannat, xayr-barakalar so‘rab duo qilish farzandning ota-onasiga ularning vafotlaridan keyin qiladigan yaxshiliklaridandir. Bu duolar ota-onaga borib turadi, xayrli amallariga qo‘shilib turadi. Xuddi ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
1. Istig‘for aytish.
Alloh taolodan ota-onasining gunohini kechishini so‘rab istig‘for aytish. Farzand o‘tib ketgan ota-onasiga Alloh taolodan mag‘firat so‘rab tursa, ularga vafotlaridan keyin ham yaxshilik qilib turgan bo‘ladi.
O‘tib ketgan ota-onasiga mag‘firat so‘raydiganlarning eng yaxshisi namozxonlardir. Namozxon har namozining oxirida, duo qabul bo‘ladigan bir maqomda, salom berishdan oldingi duosida ota-onasiga mag‘firat so‘raydi.
2. Ota-onaning ahdiga vafo qilish.
Ota-ona kim bilandir ahd tuzgan bo‘lsa, bergan va’dasi bo‘lsa, majburiyatlari bo‘lsa – shularning hammasini o‘rniga qo‘yib, vasiyatlarini bajarish ham ota-onaning orqasidan qilinadigan yaxshiliklar qatoriga kirar ekan. Xuddi ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
3. Ota-onaning do‘stlari, yaqin kishilari va qarindoshlarini ikrom qilish.
Shu yo‘l bilan ham farzand ota-onasiga ular o‘tib ketgandan keyin ham yaxshilik qilishi, orqalaridan shunday savoblarni yetkazib turishi mumkin ekan. Bu bilan xuddi ularga tiriklik chog‘larida yaxshilik qilgandek bo‘ladi.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Musulmon farzandlar ota-onalariga ularning vafotidan keyin ham yaxshilik qilish harakatida bo‘lishlari kerakligi.
2. Ota-onaga ularning o‘limidan keyin ham yaxshilik qilish mumkinligi.
3. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga duo qilib turishi kerakligi.
4. Farzand vafot etgan ota-onasi haqqiga istig‘for aytib turishi kerakligi.
5. Farzand vafot etgan ota-onasi ahdiga vafo qilib turishi kerakligi.
6. Farzand vafot etgan ota-onasining do‘stlari, yaqinlari va qarindoshlariga yaxshilik qilib turishi kerakligi.
36 - عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَقَالَ: تُرْفَعُ لِلْمَيِّتِ بَعْدَ مَوْتِهِ دَرَجَتُهُ، فَيَقُولُ: أَيْ رَبِّ! أَيُّ شَيْءٍ هَذِهِ؟ فَيُقَالَ: وَلَدُكَ اسْتَغْفَرَ لَكَ.
36. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:
«O‘lganidan keyinmayyitning darajasi ko‘tariladi. Shunda u:
«Ey Robbim, bu nima?»deydi.
«Bolang senga istig‘for aytdi»,deyiladi».
Sharh: Albatta, inson o‘lganidan keyin uning o‘zi amal qilish imkonidan mahrum bo‘ladi. U hech narsa qila olmaydigan, kutib turishdan boshqa narsaga yaramaydigan holda bo‘ladi.Ammo o‘lganidan keyin bir kishining darajasi ko‘tariladi. Bundan o‘sha bandaning o‘zi ham hayron. Qanday qilib o‘limidan keyin uning darajasi ko‘tarilishi mumkin? Bu ajablanish uni Alloh taologa savol berishga undaydi. U:
«Ey Robbim, bu nima?» deydi».
Uning ajablanib so‘ragan bu savoliga javoban:
«Bolang senga istig‘for aytdi», deyiladi».
Abu Hurayra roziyallohu anhuning bu gaplaridan bolaning istig‘fori – mag‘firat so‘rashi tufayli uning vafot etib ketgan ota-onasining oxiratdagi darajasi ko‘tarilishi bilib olinadi.
Shuning uchun ota-onasiga ularning o‘limidan keyin yaxshilik qilmoqchi, ularning ortidan savob yetkazmoqchi va oxiratdagi maqomining yaxshilanishi, darajasi yuqorilashini istagan farzand ularga mag‘firat so‘rab, duoda bo‘lishi lozim.
Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:
1. Banda o‘lganidan keyin ham uning darajasi ko‘tarilishi mumkinligi.
2. Mayyit oxiratda o‘zining darajasi ko‘tarilganidan o‘zi hayratga tushib, Robbidan bu haqda so‘rashi mumkinligi.
3. Farzandning duosi mayyitning oxiratdagi darajasi ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi.
37 - عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ سِيرِينَ قَالَ: كُنَّا عِنْدَ أَبِي هُرَيْرَةَلَيْلَةً، فَقَالَ: اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِأَبِي هُرَيْرَةَ وَلِأُمِّي وَلِمَنِ اسْتَغْفَرَ لَهُمَا. قَالَ مُحَمَّدٌ: فَنَحْنُ نَسْتَغْفِرُ لَهُمَا حَتَّى نَدْخُلَ فِي دَعْوَةِ أَبِي هُرَيْرَةَ.
37. Muhammad ibn Siriyndan rivoyat qilinadi:
«Bir kecha Abu Hurayraning huzurida edik. U: «Allohim! Abu Hurayrani va onamni mag‘firat qilgin hamda ikkovlariga istig‘for aytganlarni mag‘firat qilgin», dedi».
Muhammad (ibn Siriyn): «Biz Abu Hurayraning duosiga kirib qolaylik, deb unga va onasiga mag‘firat so‘rab turamiz», dedi».
Sharh: Ushbu rivoyatning bu bobga kiritilishiga sabab ham vafot etib ketgan ota-onaning orqasidan duo qilish yaxshi ekanidir. Abu Hurayra roziyallohu anhu o‘zlari onalariga mag‘firat so‘rab duo qilishlari bilan birga, boshqalar ham ularga mag‘firat so‘rab duo qilishini ta’minlashga chora izlagan ekanlar.
Har bir mo‘min-musulmon farzand o‘zi ota-onasiga mag‘firat so‘rab duo qilishi bilan birga, boshqalardan ham ularning haqqiga duo qilishlarini ta’minlovchi choralar ko‘rishi matlub bo‘ladi.
Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:
1. Kishining o‘ziga va onasiga mag‘firat so‘rab duo qilishi yaxshiligi.
2. Boshqalarning o‘ziga istig‘for aytishiga erishish uchun harakat qilish yaxshiligi.
3. Ulug‘ kishilarning duosiga qo‘shilib qolishga harakat qilish yaxshiligi.
4. Ulug‘ kishilar haqqiga boshqalarning duo qilib turishlari borligi.
38 - عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ؛ أَنَّ رَسُولَ اللهِ r قَالَ:«إِذَا مَاتَ الْعَبْدُ انْقَطَعَ عَنْهُ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثٍ: صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ، أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ».
38. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:«Banda vafot etganda uning uchta amalidan boshqa amallari kesiladi. Sadaqai joriya, manfaat beradigan ilm va unga duo qilib turadigan solih farzand», dedilar».
Sharh: Har banda tirik ekan, uning iymon va e’tiqod ila qilgan ibodati va solih amali uning nomai a’moliga yozilib turadi. Lekin banda vafot etishi bilan, uning foydasiga yoziladigan amallari kesiladi,chunki endi uning o‘zi amal qila olmaydi.
Ammo Alloh taolo marhamat ko‘rsatib, mo‘min-musulmon bandalariga ularning o‘limlaridan keyin ortlaridan foyda beradigan amallar yetib borishi uchun eshiklarni ochib qo‘ygan.
Ushbu hadisi sharifda mazkur amallardan uchtasi zikr qilinmoqda.
1. Sadaqai joriya.
Bu atamani so‘zma-so‘z tarjima qiladigan bo‘lsak, «oqib turuvchi sadaqa» degan ma’noga to‘g‘ri keladi. Bunda dunyodan o‘tgan shaxsga atab, savobi unga tegsin deya qilingan xayriya ishlar – vaqflar ko‘zda tutiladi.
Misol uchun, jamoatchilik foydasi uchun qurilgan ko‘prik, chiqarilgan suv, tuzatilgan yo‘l, qurilgan masjid kabilar. Bunga o‘xshash joriy sadaqalardan odamlar foyda olib turar ekan, ularning savobi kimga atalgan bo‘lsa, o‘shanga yetib turadi.
2. Manfaat beradigan ilm.
Banda yorug‘ dunyoda yashab turganida odamlarga manfaat beradigan ilm qoldirgan bo‘lsa, modomiki o‘sha ilmdan kishilarga foyda yetib turar ekan, o‘z egasiga savobi yetib turadi. Bunday ilm yaxshi shogird, yozilgan kitob, qilingan ixtiro va shunga o‘xshash narsalar bo‘lishi mumkin.
3. Unga duo qilib turadigan solih farzand.
Farzand ahli solih – dindor va ibodatli bo‘lib, bu dunyodan o‘tib ketgan ota-onasi haqqiga duo qilib tursa, uning duolaridan va qilgan solih amallaridan ota-onasiga manfaat, ya’ni savob yetib turadi. Buning uchun ota-ona tiriklik chog‘larida farzandlarining ahli solih bo‘lishi uchun ish olib borishlari kerak.
Ulamolar: «Solih farzand xayrli amallar qilsa, duo qilmasa ham, o‘sha amalning savobi ota-onasiga borib turadi», deganlar.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Banda vafot etganidan keyin uning amallari kesilishi.
2. Sadaqai joriyaning foydasi o‘z egasiga o‘limidan keyin ham borib turishi.
3. Manfaatli ilmning foydasi o‘z egasiga o‘limidan keyin ham borib turishi.
4. Solih farzandning duosi va xayrli amallarining savobi ota-onasiga ularning o‘limidan keyin ham borib turishi.
39 - عَنِابْنِ عَبَّاسٍ؛ أَنَّ رَجُلًا قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ! إِنَّ أُمِّي تُوُفِّيَتْ وَلَمْ تُوصِ، أَفَيَنْفَعُهَا أَنْ أَتَصَدَّقَ عَنْهَا؟ قَالَ:«نَعَمْ».
39. Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:
«Bir odam:
«Ey Allohning Rasuli! Onam vafot etdi. Vasiyat qilmadi. Uning nomidan sadaqa qilsam bo‘ladimi?» dedi.
«Ha», dedilar».
Sharh: Demak, farzandlarda vafot etib ketgan ota-onaning orqasidan yaxshilik qilib, savob yetkazib, darajalarini ko‘tarib turishning imkoniyati bor ekan.Buning uchun farzand ahli solih bo‘lishi, ibodatli bo‘lishi kerak va doimiy ravishda ota-onaning haqqiga duo qilib, ularga istig‘forlar aytib tursa, ota-onasiga ular vafot etib ketgandan keyin ham yaxshiliklar yetkazib turar ekan.
Ana shu ishlardan biri farzandning ota-onasi nomidan, savobini ularga atab sadaqa qilishi ekan. Farzand sadaqa qilib, savobini ota-onasiga bag‘ishlasa, savobi ularga tegadi.
Manba: “Al-Adab al-Mufrad”,
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf