Asrlar davomida ota-ona va farzandlarning o‘zaro munosabatlari, oilada ularning o‘rni, ota-onaning farzand tarbiyasidagi huquqlari va majburiyatlari doimiy, dolzarb masalalardan bo‘lgan. Jamiyat rivojlana borgani sari, farzand tarbiyasi, uning ta’minoti bo‘yicha qarashlar ham rivojlanib takomillashib borgan.
Masalan, Islom huquqining asoslaridan biri bo‘lgan hadislarda farzandga yaxshi ism qo‘yish, uni chiroyli tarbiyalash va ilm o‘rgatish otaning farzand oldidagi burchlaridan biri sifatida ta’riflangan.
Manbalarda ham oilaning kelajagini, farzandlarning moddiy va ma’naviy farovonligini ta’minlash uchun ota-ona mas’ulligi, ushbu mas’uliyatni nafaqat oila qurilganidan keyin ta’minlash, balki oila qurilmasidan oldin tayyorgarlik ko‘rish kerakligi ko‘rsatilgan.
Bu kabi talablar zamonaviy qonunchiligimizda ham o‘zi aksini topgan, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida, "Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar" deb belgilangan bo‘lsa, Oila kodeksining 73-moddasiga ko‘ra, ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shart. Ota-ona o‘zbolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular o‘z bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shartligi ko‘rsatilib, ota-onaga majburiyat yuklangan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan «Бола huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar)-bola (bolalar) hisoblanishi qayd etilib, qonunga ko‘ra bolalarning:
- - Bolaning yashash huquqi;
- Bolaning individuallikka va uni saqlab qolishga bo‘lgan huquqi;
- - Bolaning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi;
- - Bolaning himoyaga bo‘lgan huquqi;
- - Jinoyat protsessining ishtirokchisi bo‘lgan bola huquqlarini himoya qilish;
- - Bolalarni tarbiyalayotgan oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
- Bolaning oilaviy muhitga bo‘lgan huquqi;
- Bolaning g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan himoyalanish huquqi;
- - Bolaning o‘z fikrini ifoda etish huquqi;
- - Bolaning axborot olish huquqi;
- - Bolaning fikrlash, so‘z, vijdon va e’tiqod erkinligi huquqi;
- - Bolaning xususiy mulkka bo‘lgan huquqi;
- Bolaning turar joyga bo‘lgan huquqlari;
- - Bolaning mehnat qilishhuquqi;
- - Bolaning dam olish va bo‘sh vaqtga bo‘lgan huquqi;
- Bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqi;
- Bolaning bilim olish huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishi, mazkur huquqlarning buzilishiga sababchi bo‘lgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishlari belgilab qo‘yilgan.
Shunday bo‘lasa-da, ayrim ota-onalar o‘z farzandlarining qonuniy huquq va manfaatlarini amalga oshirishga e’tiborsizlik bilan qarashi, ularning moddiy ta’minotiga yetarlicha e’tibor qaratmaslik kabi holatlarning uchrashi, nafaqat bolalarning qonuniy huquq va manfaatlari buzilishiga, balki bu toifadagi nizolarning ham ortishiga olib kelayotgani uchramoqda.
Ayniqsa yoshlar o‘rtasida nikohdan ajralishlarning oqibatida jinoyat va huquqbuzarliklar kelib chiqayotgani, go‘daklarning tirik yetim bo‘lib qolayotgani ularning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, ayrim ota-onalarning esa farzandlaridan nafaqa undirish haqida sudga da’vo ariza bilan murojaat qilayotganlari achinarli holdir.
Shu sababli ota-onalar farzandlari oldidagi mas’uliyatini doimiy ravishda yodda tutishlari, ularning bugungi harakatlari (harakatsizligi) nafaqat bolalarining ruhiyatiga, ularning o‘sib unishiga, balki o‘zlarining kelgusidagi hayotlariga, ya’ni farzandlari bilan munosabatlariga salbiy tasir qilishini doimo yodda tutishi zarur.
Chunki farzand bugun olgan mehrini e’tiborini ertaga qaytaradi, dono xalqimiz bejizga «Har kim ekkanini o‘radi» deb naql qilmagan.
Zero, xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni asrash, farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelgan. Oilada milliy qadriyat va an’analar rivoj topishi bilan birga ertangi kunimiz egalari – farzandlar kamolga yetadi.
Sherzod TOJIEV,
Farg‘ona viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi