Ota 159 million so‘mdan ziyod alimentni to‘ladi
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida yashovchi qarzdor ota o‘z farzandi voyaga yetguncha bo‘lgan muddatni hisoblab 159 million 442 ming 659 so‘m aliment to‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining 2021 yil 22 fevraldagi qaroriga asosan, qarzdor A.T.dan undiruvchi G.K.ga bir nafar farzandining ta’minoti uchun daromadining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan. Sud qaroriga asosan, MIB Yangiyer shahar bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.
Qayd etilishicha, mazkur ijro hujjatiga asosan, qarzdorning mol-mulklarini aniqlash maqsadida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-, 87-moddalariga asosan tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan. Olingan ma’lumotlarga asosan qarzdorning barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yilgan.
Muqim daromadi bo‘lmagan, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash kerakligi inobatga olinib, MIB xodimlari qarzdor A.T. bilan suhbat o‘tkazib, unga farzandini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekanligi tushuntirilgan.
Suhbatdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota farzandi voyaga yetguniga qadar bo‘lgan muddat uchun hisoblangan 159 million 442 ming 659 so‘mni to‘lab berdi. Shundan so‘ng mazkur sud hujjati undiruvchining arizasiga asosan Qonunning 40-moddasi 1-bandiga asosan tugatildi.
Sh. Suyarov, O‘zA