Osuda hayotimiz posbonlari “Imom Termiziy” spektaklini tomosha qildi
Termiz shahridagi “San’at saroyi”da Xalqaro teatr kuni munosabati bilan tashkil etilayotgan tadbirlar doirasida Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari va ularning oila a’zolari uchun “Imom Termiziy” spektakli namoyish etildi.
Prezidentimizning Imom Termiziy tavalludining 1200-yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq yaratilgan sahna asari buyuk olim hayoti va ilmiy merosining mohiyati va bugungi kundagi ahamiyatini ochib berishga qaratilgan.


Taniqli dramaturg va yozuvchi Shavkat Pardayev asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda buyuk muhaddis olim ijodining yosh avlod ma’naviy-ruhiy olamini boyitishdagi ahamiyati, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishdagi o‘rni, hozirgi globallashuv jarayonlarida yosh avlodni islom diniga yot g‘oyalardan asrash kabi masalalarga alohida e’tibor berilgan. Imom Termiziyning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini aks ettirib, uning islom ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi yorqin obrazlarda mahorat bilan gavdalantirilgan.


Spektakl osoyishta hayotimiz posbonlari va ularning oila a’zolarida boy taassurot uyg‘otdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA