Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari axborot agentliklari forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Sinxua” axborot agentligi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Teleradiokompleksi, Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligi, Tojikistonning “Xovar” milliy axborot agentligi, “MEDIA TURKMEN” axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA rahbarlari ishtirok etdi.
Forumga raislik qilgan “Sinxua” axborot agentligi bosh direktori Fu Xua Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida o‘zaro aloqalarda yangi tarixiy imkoniyatlar va istiqbollar ochilganini alohida qayd etdi. Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari axborot agentliklari zimmasiga “Markaziy Osiyo-Xitoy ruhi”ni ilgari surish, mintaqaning jadal rivojlanishiga ko‘maklashish, umumiy tariximizni birgalikda targ‘ib qilish, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi gumanitar almashinuvlar va sivilizatsiyalarni o‘zaro o‘rganishga yordam berish, innovatsiyalar hamda mediatexnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, axborot agentliklari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish, Xitoy va Markaziy Osiyoning umumiy taqdirga ega hamjamiyatini yaratishga hissa qo‘shish kabi vazifalar yuklatilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari axborot agentliklarining mas’ul vakillari ushbu anjuman o‘zaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidlab, Xitoy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, “Sinxua” axborot agentligi bilan o‘zaro almashinuvlar va hamkorlikni yanada kengaytirish, birgalikda “Markaziy Osiyo-Xitoy ruhi”ni targ‘ib qilish, sivilizatsiyalarni o‘zaro o‘rganishni ilgari surish hamda umumiy farovonlikka erishishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov ommaviy axborot vositalari ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Ushbu forum asnosida Markaziy Osiyo va Xitoydagi media hamkorlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va umumiy xavf-xatarlarni bartaraf etish yo‘llarini muhokama qilish uchun bir maydonda jam bo‘ldi.
Forum ishtirokchilari bugun dunyo katta o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgani, yolg‘on xabarlar tarqatish bilan bog‘liq turli muammolarga duch kelayotganiga e’tibor qaratdilar. Shu nuqtai nazardan, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari ommaviy axborot vositalari mintaqada tinchlik va farovonlikni ta’minlash maqsadida qulay axborot makonini yaratish uchun axborot almashinuvi, yangiliklarni tarqatish va texnologik innovatsiyalarni ilgari surish sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishi zarur.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Teleradiokompleksi bosh direktori Raushan Kajibayeva muvaffaqiyatli o‘tgan “Xitoy — Markaziy Osiyo” II sammiti Xitoy va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘nalishini belgilab berganini qayd etdi. Mazkur anjuman yaxshi qo‘shnichilik, mustahkam do‘stlikning yorqin namunasi bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari esa sammit doirasida erishilgan natijalarni qo‘llab-quvvatlashi va ularni hayotga tatbiq etishga ko‘maklashishi kerak.
Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligi bosh direktori Mederbek Shermetaliyev “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi ufqlarni ochganini alohida ta’kidladi. Axborot almashinuvi va samarali hamkorlik barcha tomonlarning xolis, haqqoniy va to‘liq obrazini shakllantirishga imkon beradi.
Tojikistonning “Xovar” milliy axborot agentligi bosh direktori Subhiddin Shamsiddinzodaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlarimiz ommaviy axborot vositalari katta natijalarga erishdi. S.Shamsiddinzoda tomonlar bundan keyin ham kommunikatsiyalar sohasida kadrlarni tayyorlash, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va kreativ yo‘nalishlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘zaro fikr almashishiga ishonch bildirdi.
“MEDIA TURKMEN” axborot agentligi bosh direktori Bekdurdi Amansariyev barcha tomonlar axborot sohasida hurmat, tenglik va o‘zaro manfaatga asoslangan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda namuna bo‘lishi kerakligini, yangi texnologiyalar ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik makonini kengaytirganini ta’kidlab, yangi media sohasidagi hamkorlik mustahkamlanishi va raqamli transformatsiya jarayonlari jadallashishiga umid bildirdi.
Forum yakunida Ostona konsensusi qabul qilindi.
O‘zA