Ostonada O‘zbekiston madhiyasi besh marta yangradi
Qozog‘istonning Ostona shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha 2002-2004 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi Jahon chempionatida mamlakatimiz polvonlari 5 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Yigirmaga yaqin mamlakatning sportchilari o‘rtasida kechgan bellashuvlarda iqtidorli sportchilarimiz Azizjon Azimjonov, Nusratbek Sultonboyev, Ilyos Ahmadov, Oybekjon Muhammadov, va Zeboxon Nosirova o‘z vaznlarida g‘oliblikni tantana qilishdi. Ular sharafiga bayrog‘imiz ko‘tarilib, madhiyamiz Ostona sport maydonida jarangladi.

Umumiy medallar sarhisobiga ko‘ra, 4 ta oltin medalga ega chiqqan Rossiya terma jamoasi 2-o‘rinni, 3 ta oltin medalli bo‘lgan Qozog‘iston vakillari 3-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston terma jamoasi mazkur chempionatda namanganlik tajribali murabbiy Elmurod Abdullayev yetakchiligida ishtirok etdi, deyiladi O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi matbuot xizmati xabarida.
T. Ro‘ziyev, O‘zA