Osoyishtalikni asrash, qadriga yetish kerak (+video)
Tinchlik va osoyishtalik bor ekan, har birimiz xotirjam yashab, o‘z maqsadlarimizni amalga oshiramiz.
Dunyoda kechayotgan notinchlik va beqaror muhitga nazar solinsa, buning qadrini yaqqol anglash mumkin.
Ammo, mamlakatda tinchlik va osudalikni saqlash o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Bu maqsad yo‘lida yuritimizda Prezidentimiz rahbarligida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-yanvardagi «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Har bir mahallada kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir etuvchi omillar bilan ishlash yo‘lga qo‘yildi. Mahallalar kesimida har choraklik manzilli chora-tadbirlar belgilanib, mahalla - tuman - viloyat darajasida ijrosi uchun bevosita mas’ul rahbarlar biriktirildi.
Bu jarayon Oliy Majlis Senatining ham doimiy e’tiborida bo‘lib, joriy yil boshidan beri senatorlar hududlarda, xususan, har bir tumanda bo‘lib, qaror ijrosi ta’minlanishi bo‘yicha o‘rganishlar olib bordi. Ayniqsa, yoshlar, bolalar hayoti himoyasi, ularni turli salbiy illatlar, xususan, giyohvandlikdan himoya qilishni kuchaytirish e’tibor markazida bo‘ldi.
Shu kabi amalga oshirilayotgan ishlar haqida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov bilan suhbatlashdik:
– Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda har bir hududga mas’ul rahbarlar biriktirilgan bo‘lib, Senat va parlament zimmasiga ham joylardagi holatni o‘rganish va amaliy ko‘mak berish vazifasi yuklatilgan.
Shu asosda menga biriktirilgan Bektemir, Yangihayot va Mirobod tumanlarida muntazam o‘rganishlar olib bordik. Tuman hokimliklari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, deputatlar, faollar, yoshlar va aholi bilan uchrashib, mavjud vaziyatni tahlil qildik.
Eng muhimi, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarning amaliy natijalari yaqqol ko‘zga tashlandi. Xususan, uzoq yillar davomida murakkab kriminogen vaziyat saqlanib kelgan Bektemir tumanidagi ayrim mahallalarda ahvol sezilarli darajada yaxshilanib, ular «qizil» toifadan chiqarildi. Bu juda katta natija.
Yana bir quvonarli jihat shundaki, joriy yilning birinchi choragida Bektemir va Yangihayot tumanlarida oilaviy-maishiy nizolar asosida og‘ir jinoyatlar qayd etilmadi. Bugungi kunda eng tashvishli jinoyatlardan biri aynan qarindoshlar o‘rtasida mulk, yer yoki boshqa masalalar tufayli sodir etiladigan huquqbuzarliklar hisoblanadi. Mazkur tumanlarda bunday holatlarning oldi olingani profilaktika ishlari samarasini ko‘rsatadi.
Shuningdek, ushbu tumanlarda ayollar, mast holatdagi shaxslar va ishsizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar ham qayd etilmagan. Vaholanki, Bektemir va Yangihayot Toshkent shahrini viloyat bilan bog‘laydigan, aholi oqimi yuqori bo‘lgan hududlar qatoriga kiradi.
Mazkur tumanlarda xalq deputatlari kengashlarining navbatdagi sessiyalari Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi ishtirokida o‘tkazildi. Unda ichki ishlar organlari va prokuratura rahbarlarining axborotlari eshitildi. Quvonarlisi, mahalliy kengash deputatlari jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot masalalari yuzasidan mutasaddilarga aniq va talabchan savollar bilan murojaat qildi.
Masalan, Bektemir tumanida bir necha yil avval o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining ayrimlari ishlamayotgani masalasi ko‘tarildi. Deputatlar xalq mablag‘i hisobiga o‘rnatilgan ushbu tizimlardan to‘liq foydalanish, ularni zamonaviy kuzatuv vositalari bilan integratsiya qilish va mas’ul tashkilotlarning javobgarligini aniqlash talabini qo‘ydi. Bu bo‘yicha mutasaddilarga tegishli vazifalar va muddatlar belgilandi, ijrosi nazoratga olindi.
Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar bir maqsadga – xalqimiz osoyishtaligi, jamoat xavfsizligi va yurt tinchligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/uX27DrNp_1Y" title="Osoyishtalikni asrash, qadriga yetish kerak" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova,
Doniyor Yoqubov (video), Salim Obidjonov (montaj), O‘zA