Osman Mesten: O‘zbekiston qudratli tarixi va madaniyatidan kuch olib, dunyoga yuz tutmoqda
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik yubileyi keng shodiyona qilinayotgan ayni kunlarda bosib o‘tgan shonli yo‘limizga nazar tashlar ekanmiz, barcha yo‘nalishlarda erishilgan natijalarimizdan ko‘zimiz quvonib, ko‘nglimiz xotirjamlikni his etadi.
Ulug‘ bayram oldidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan "Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga tashrif buyurgan xorijiy parlamentariylar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, o‘zlarining iliq munosabatlarini bildirdi.
Jumladan, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, “Turkiya-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi Osman Mesten ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini, bugungi natijalarini alohida e’tirof etdi:
— O‘zbekiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan kundan boshlab nafaqat Markaziy Osiyoning, balki butun dunyoning porlayotgan yulduziga aylandi. Buning sababi bu zamin juda boy tarixga va buyuk madaniyatga ega. O‘zbekiston o‘zining qudratli tarixi va madaniyatiga tayanib, undan kuch olgan holda yangi islohotlar doirasida yuksalmoqda va dunyoga yuz tutmoqda. Dunyoga yuz tutar ekan, ayni paytda turkiy dunyoga ham o‘z eshiklarini ochmoqda.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning juda samimiy, chinakam birodarlik va do‘stlik munosabatlari, siyosiy irodasi o‘laroq, barcha davlat idoralari, shu jumladan parlamentlar o‘rtasidagi munosabatlar ham kundan-kunga kengayib bormoqda. Ayniqsa, so‘nggi 10 yil ichida Turkiya — O‘zbekiston munosabatlarida juda katta masofa bosib o‘tildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan turk ishbilarmonlari, korxona va kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham, O‘zbekiston — Turkiya munosabatlariga ham ulkan hissa qo‘shmoqda. O‘zbekistonning shiddat bilan rivojlanayotgani bizni ham birdek quvontiradi. Bu yerlar bizning ota makonimiz, yurtimizdir.
Biz O‘zbekiston zaminini o‘z vatanimizdek ko‘ramiz. 35 yildan buyon, xususan, so‘nggi 10 yil ichida Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston sanoat, texnologiya, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida juda katta yutuqlarga erishdi. Shu bilan birga, xotin-qizlar va yoshlarga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ayollar va yoshlar ham ijtimoiy, ham siyosiy hayotda o‘z o‘rinlarini topmoqda, ularning roli kundan-kunga ortib boryapti. Prezident yoshlarning kamol topishi uchun juda katta imkoniyatlar yaratib bermoqda. O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni yuksak e’tirof bilan kuzatar ekanmiz, biz ham bundan g‘ururlanamiz.
Shu fursatdan foydalanib, barcha o‘zbekistonlik qardoshlarimni mustaqillikning 35 yilligi bilan eng samimiy tilaklarim orqali tabriklayman. O‘zbekiston bayrog‘i mangu hilpirab tursin. Ozarbayjon davlati asoschisi, buyuk davlat arbobi Muhammad Amin Rasulzodaning shunday so‘zi bor: "Bir marta yuksalgan bayroq, boshqa hech qachon tushmaydi". Men xuddi shu so‘zlarni O‘zbekiston uchun ham aytmoqchiman — bir marta ko‘tarilgan, O‘zbekistonning shonli tarixini ifodalovchi, uning buyukligini, o‘zbek xalqining kelajagini namoyon etuvchi ushbu bayroq toabad samolarda hilpirab tursin!
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA