Osiyoda ishonch va hamkorlikning yangi ufqlari
Bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda geosiyosiy jarayonlar murakkablashuvi, global va mintaqaviy xavf-xatarlarning kuchayishi barcha davlatlardan yanada chuqurroq o‘ylangan hamda mas’uliyatli siyosatni talab etmoqda. Jahon xo‘jaligi tizimidagi uzilishlar, iqlim inqirozi va siyosiy beqarorliklar fonida Osiyo qit’asining kelajagi, undagi tinchlik va hamkorlik masalalari har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aynan shunday tarixiy bir sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning yettinchi sammitidagi nutqi nafaqat qit’amiz, balki jahon hamjamiyati e’tiborini tortib, davlatimizning tinchlikparvar va strategik tashabbuskor siyosatini yaqqol namoyon etdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan har bir g‘oya va taklif zamirida inson omili, xalqimiz va qit’amiz aholisining osoyishta hamda farovon turmushini ta’minlashdek oliy maqsad yotgani alohida e’tiborga molik.
Dunyo chuqur geosiyosiy o‘zgarishlarni boshidan kechirayotgan, yangi tahdidlar paydo bo‘layotgan hozirgi vaziyat barchadan yanada yaqin hamkorlikni va birlashgan holda qarorlar qabul qilishni talab etmoqda. Ayniqsa, Osiyoning turli hududlarida saqlanib qolayotgan yoki yangidan alangalanayotgan qurolli nizolar barchamizni chuqur xavotirga solmoqda. Bunday mojarolarning oqibatlari shunchaki to‘qnashuv hududi bilan cheklanib qolmay, geosiyosiy zanjirlar orqali mintaqamiz xavfsizligiga putur yetkazmoqda, global iqtisodiy aloqalarni uzib, millionlab insonlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu sababli, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasi aniq va qat’iydir: har qanday nizo va kelishmovchiliklar faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy-diplomatik vositalar orqali, xalqaro huquq va barcha tomonlar manfaatlarini inobatga olgan holda hal etilishi zarur. Bu bejiz emas, chunki muloqot susaygan joyda noto‘g‘ri va tahlikali qarorlar qabul qilish xavfi keskin ortadi. Shu bois siyosiy kelishmovchiliklar qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketmasligi uchun mavjud barcha imkoniyat va diplomatik richaglarni ishga solish lozim. Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning asl o‘rni va ta’sir kuchi aynan shunda namoyon bo‘lishi, uning asosiy maqsadi esa qit’amizda o‘zaro hamkorlikning yaxlit va mustahkam infratuzilmasini shakllantirishdan iborat bo‘lishi shart.

Ushbu ezgu maqsadga erishish yo‘lida davlatimiz rahbari tomonidan “Osiyoda ishonch infratuzilmasini shakllantirish konsepsiyasi”ni ishlab chiqish taklif etildi. Mazkur strategik hujjat Kengashni uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini hamda davlatlar o‘rtasidagi aloqadorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab beradi. Xususan, transport va energetika bo‘yicha qo‘shma yirik loyihalar, savdo va raqamli aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashuvlar bu jarayonda ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, shiddatli texnologik taraqqiyot va global iqlim o‘zgarishlari insoniyat oldiga tamomila yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bir tomondan, texnologik inqilob hayotimizni yengillashtirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ekologik tahdidlar barqaror kelajakka xavf solmoqda. Shu sababli raqamli taraqqiyot faqat ayrim rivojlangan davlatlarning imtiyozi bo‘lib qolmay, siyosiy va geografik joylashuvidan qat’i nazar, sifatli raqamli infratuzilmaga ega bo‘lish barchaga birdek foyda keltirishi, texnologik rivojlanishdagi uzilish va farqlar qisqarishi uchun bor imkoniyatlarni safarbar etish davr talabidir.
Aynan shu maqsadda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Texnologik ishonch va sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanish bo‘yicha Osiyo tashabbusi” ilgari surildi. Bu tashabbusni hayotga tatbiq etish uchun Kengash doirasida Ekspertlar maydonini tashkil etish taklif qilindi. Ushbu maydonda mamlakatlarimizning yetakchi mutaxassislari va olimlari umumiy tavsiyalarni ishlab chiqishi va amaliy choralarni kelishib olishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda davlatlarning kuch va imkoniyatlarini birlashtirish maqsadida Prezidentimiz “Iqlim barqarorligi sohasida sheriklik qilish bo‘yicha tashabbus”ni o‘rtaga tashladi. Bu shunchaki nazariy deklaratsiya bo‘lmay, suvni tejaydigan va innovatsion texnologiyalarni birgalikda joriy etish, “yashil” energetika sohasidagi sarmoyaviy loyihalarni kengaytirish hamda atrof-muhit holatini doimiy kuzatib borishning yagona mexanizmini yaratish kabi muayyan amaliy qadamlarni ko‘zda tutadi. Bu esa ehtimoliy ekologik va suv defitsiti xavf-xatarlarini kamaytirib, tabiiy resurslarni kelajak avlodlar uchun bekamu ko‘st saqlab qolish imkonini beradi.
Prezidentimiz o‘z nutqida xalqaro maydondagi yana bir muhim tarixiy voqelikka alohida urg‘u berdi: kelgusi yili O‘zbekiston Qo‘shilmaslik harakatining yigirmanchi sammitiga mezbonlik qiladi va mamlakatimiz 2030-yilga qadar ushbu yirik va nufuzli tashkilotga raislik qiladi. Bu O‘zbekistonning tashqi siyosiy maydondagi obro‘-e’tibori va geosiyosiy vazn-e’tibori tobora ortib borayotganining yaqqol tasdig‘idir. Qo‘shilmaslik harakati hamda Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning maqsad, tamoyil va qadriyatlari ko‘p jihatdan bir-biriga o‘xshash va yaqin bo‘lib, ikkala tuzilma ham tinchlik, muloqot, bloklarga qo‘shilmaslik va nizolarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishni targ‘ib qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sammitda ilgari surilgan kompleks tashabbuslar murakkab geosiyosiy vaziyatda Osiyoda tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan amaliy harakatlar dasturidir. Davlatimiz rahbarining nizolarni tinch-diplomatik yo‘l bilan hal etish, raqamli va texnologik adolatni ta’minlash hamda iqlim xavf-xatarlariga qarshi birgalikda kurashish borasidagi takliflari bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bunday serqirra yondashuv O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik, tinchlikparvarlik va tashabbuskorlik tamoyillariga sodiqligini yana bir bor namoyon etadi hamda qit’amiz aholisining farovon kelajagini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA