Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berishicha, 6 dekabr kuni Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun 100 million dollar miqdorida siyosat choralariga asoslangan qarz ajratilishini ma’qulladi.
Qayd etilishicha, bankning Kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish dasturi xususiy sektorni rivojlantirishga asoslangan iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish hamda kichik va o‘rta korxonalarning COVID-19 pandemiyasi oqibatida bo‘lgani kabi iqtisodiy zarbalarga chidamliligini oshirish uchun ularning faoliyat muhitini yaxshilashga qaratilgan. Bu dastur doirasidagi ikkinchi kichik dastur bo‘lib, birinchisi hukumat tomonidan amalga oshirilgan siyosat, tartibga solish va institutsional islohotlarga asoslanadi.
OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukovning qayd etishicha, dastur OTBning O‘zbekistondagi kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli navbatdagi qadamidir.
OTB dasturi O‘zbekiston hukumatini yuqori foiz stavkalari va yuqori garov talablariga ega banklar hukmronlik qiladigan moliya sektorida kichik va o‘rta korxonalar o‘z rivojlanishining turli bosqichlari uchun zarur bo‘lgan moliya shakllaridan foydalanishda ular duch keladigan muammolarni har tomonlama hal etishda qo‘llab-quvvatlaydi.
Dastur biznes yuritish xarajatlarini oshiradigan va ayollar biznesiga nomutanosib ta’sir ko‘rsatadigan tartibga solish va ma’muriy yuklarni yengillashtirishga yordam berishi ko‘zlangan. Bu eksport mahsulotlari va bozorlarni diversifikatsiya qilish, shuningdek, raqamlashtirish orqali samaradorlikni, kichik va o‘rta korxonalarning savdo raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, bozor talablariga javob beradigan ko‘nikmalarni, ayniqsa, ayollar va yoshlarning ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini oshirish uchun rivojlantirishga ko‘maklashadi.
OTBning Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassisi Priyanka Soudning qayd etishicha, dastur doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar kichik va o‘rta korxonalarning o‘sishi va rasmiylashtirilishini rag‘batlantiradi va o‘z navbatida soliqqa tortish bazasini kengaytirish va ichki resurslarni safarbar qilishga yordam beradi.
O‘zbekiston OTBga 1995 yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan beri bank mamlakatga 10,8 milliard dollar miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA