Osiyo o‘yinlari: O‘zbekistonning 32 yillik g‘alabalar tarixi
O‘zbekiston sportchilari qit’amizning eng nufuzli musobaqasi — Osiyo o‘yinlarida yuqori natijalarni qayd etib, yurtimiz shon-shuhratini dunyoga tanitmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yaratilgan zamonaviy sharoitlar hamda sportchilarga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak o‘z samarasini bermoqda. Natijada, o‘zbekistonlik polvonlar va mahoratli atletlar Osiyo o‘yinlari shohsupalaridan munosib o‘rin egallab, yurt bayrog‘ini baland ko‘tarmoqda.
Buning yaqqol misolini joriy yil 19-sentabr – 4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilgan XX Osiyo o‘yinlarida ham yana bir bor ko‘rdik. Qizig‘i shundaki, O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida Osiyo o‘yinlaridagi ilk ishtirokini 1994-yilda aynan Yaponiyada tashkil etilgan musobaqada boshlagan edi. Oradan 32 yil o‘tib, taqdir yana yurtimiz vakillarini shu mamlakatga yetakladi. Xo‘sh, o‘tgan davr mobaynida sportchilarimiz qanday bosqichlarni bosib o‘tdi?
1994-yil — Xirosima (Yaponiya): Mazkur Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi ilk bor mustaqil davlat sifatida qatnashganiga qaramay, o‘zining salohiyatini namoyon etdi. Hamyurtlarimiz 11 ta oltin, 12 ta kumush va 19 ta bronza – jami 42 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi. Ayniqsa, futbol, baydarka va kanoeda eshkak eshish, yengil atletika, boks hamda o‘q otish turlari ilk bosqichdan asosiy tayanchimizga aylandi.

1998-yil — Bangkok (Tailand): XIII Osiyo o‘yinlari biroz murakkabroq kechdi. Vakillarimiz 6 ta oltin, 22 ta kumush va 12 ta bronza, jami 40 ta medal bilan umumjamoada 10-pog‘onaga joylashdi. Medallar sifati pasaygan bo‘lsa-da, kumushlarning ko‘pligi raqobat qizg‘in kechganidan dalolat berardi.
2002-yil — Pusan (Janubiy Koreya): XIV Osiyo o‘yinlari mamlakatimiz sporti tarixida yangi sahifa ochdi. 15 ta oltin, 12 ta kumush va 24 ta bronza (jami 51 ta medal) qo‘lga kiritilib, yana kuchli beshlikka qaytildi. O‘sha paytga qadar oltin medallar soni bo‘yicha rekord yangilandi.

2006-yil — Doha (Qatar): XV Osiyo o‘yinlarida delegatsiyamiz barqarorlikni saqlab qoldi: 11 ta oltin, 14 ta kumush va 15 ta bronza (jami 40 ta medal) bilan umumjamoada 7-o‘rin egallandi. Erkin kurash va akademik eshkak eshish vakillari hisobni boyitdi.
2010-yil — Guanchjou (Xitoy): XVI Osiyo o‘yinlarida medallar soni bo‘yicha o‘sish kuzatildi – 11 ta oltin, 22 ta kumush va 23 ta bronza, jami 56 ta medal (umumjamoada 8-o‘rin). Ko‘plab sovrinli o‘rinlar sportchilarimizning qit’ada keng qamrovli raqobatga kirishganini ko‘rsatdi.

2014-yil — Incheon (Janubiy Koreya): XVII Osiyo o‘yinlari biroz pasayish bilan yodda qoldi: 9 ta oltin, 14 ta kumush, 22 ta bronza (jami 45 ta medal) va umumjamoadagi 11-o‘rin o‘zbek sportida yangi islohotlar va o‘zgarishlar zarurligini ko‘rsatib qo‘ydi.

2018-yil — Jakarta va Palembang (Indoneziya): XVIII Osiyo o‘yinlari haqiqiy burilish yili bo‘ldi. Sportchilarimiz 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza – jami 70 ta medalni jamg‘arib, faxrli 5-o‘rinni egalladi. Bu natija milliy sportimiz qudrati yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat berib, kelgusi zafarlar uchun poydevor qo‘ydi.
2022-yil — Xanchjou (Xitoy): XIX Osiyo o‘yinlarida mutlaq rekord yangilandi. Hamyurtlarimiz 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza – jami 71 ta medalni qo‘lga kiritib, yana 5-o‘rinni band etdi. Oltin va umumiy medallar yig‘indisi bo‘yicha mutlaq tarixiy natija qayd etildi.
2026-yil — Aichi-Nagoya (Yaponiya): Oradan 32 yil o‘tib, yana Yaponiyada XX Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Yakunda delegatsiyamiz hisobiga 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza – jami 70 ta medal yozildi. Umumjamoada yana kuchli beshlikdan joy olindi.

Shu tariqa, O‘zbekiston sportchilari 1994–2026-yillardagi 9 ta yozgi Osiyo o‘yinlarida jami 485 ta medal — 127 ta oltin, 163 ta kumush va 195 ta bronzaga sazovor bo‘ldi. Mamlakatimiz delegatsiyasi ushbu davrda olti marta kuchli o‘nlikdan joy olgan bo‘lsa, 1994, 2002, 2018, 2022 va 2026-yillarda kuchli beshlikdan o‘rin egalladi.
2026-yilgi “Aichi–Nagoya-2026” Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan 21 ta oltin medal “Xanchjou-2022” bahslaridagi 22 ta oltin medaldan bir donaga kam. Biroq, bu natija sportchilarimiz salohiyati pasayganini emas, aksincha, Osiyo qit’asida sport raqobati tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Qolaversa, kumush medallar sonining ko‘paygani ham vakillarimizning ko‘plab yo‘nalishlarda yuqori o‘rinlar uchun munosib kurash olib borganidan dalolat beradi. Bu esa O‘zbekiston sportchilarining kelgusidagi yirik musobaqalarda yanada yuksak natijalar qayd etish uchun mustahkam zamin yaratilganini ko‘rsatadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA