Osiyo o‘yinlari shaharchasida O‘zbekiston davlat bayrog‘i ko‘tarildi
O‘zbekiston sport delegatsiyasi XVII Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Janubiy Koreyaning Incheon shahriga yetib keldi.
Incheon. 18-sentabr. O‘zA maxsus muxbiri Mehribon Mametova xabar qiladi.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi XVII Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Janubiy Koreyaning Incheon shahriga yetib keldi.
Osiyo o‘yinlarining sport shaharchasida qit’amizning 45 mamlakati sport delegatsiyalari joylashdi. Shaharcha yangi bunyod etilgan 22 qavatli turar joy binolari va 15 ming kishilik 2,2 ming kvartirani o‘z ichiga olgan uch kvartaldan iborat.
Osiyo o‘yinlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Incheon shahrida qator sport obyektlari, jumladan, oltita sport maydoni, Akva-markaz, voleybol zali va tennis majmuasi, sport saroyi va markaziy stadion barpo etilgan. Markaziy stadionda XVII Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish va yopilish marosimlari bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi eng katta delegatsiyalardan biridir. Ular orasida dzyudochi Rishod Sobirov, bokschi Oybek Mamazulunov, yengil atletikachi Svetlana Radzivill, tennischi Denis Istomin, og‘ir atletikachi Ulug‘bek Alimov va Ruslan Nurudinov kabi mashhur sportchilar bor. XVII Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan mashhur sportchilarimizning aksariyati Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli sport musobaqalari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiadada kashf etilgan. Olimpiya harakati prinsiplariga to‘la muvofiq ravishda o‘tkazib kelinayotgan ushbu musobaqalar yuz minglab yoshlar uchun ommaviy sport maydoni, xalqaro arenalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir iste’dodli sportchilarni tayyorlash maktabiga aylandi.
18-sentabr kuni sport shaharchasining rasmiy, madaniy, tantanali tadbirlar o‘tkaziladigan maydonida O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangrab, davlat bayrog‘i ko‘tarildi.
– Nufuzli sport musobaqalaridan biri bo‘lgan Osiyo o‘yinlarida Vatanimiz sharafini himoya qilish bizga g‘urur bag‘ishlaydi, – deydi og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatining kumush medali sovrindori Ulug‘bek Alimov. – Davlatimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz ko‘tarilganda qalbimiz faxr-iftixorga to‘ldi. Sport shaharchasida hilpirab turgan bayrog‘imizni ko‘rib, shunday nufuzli musobaqada, avvalo, mustaqilligimiz sharofati, Prezidentimiz tomonidan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor, sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilayotgan qulay sharoit tufayli ishtirok etayotganimizni his etdik. Sport tom ma’noda hayotimizning mazmuniga aylangan. Bizga bildirilgan ishonchni oqlash va yuqori natijalarni qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Incheon shahridagi XVII Osiyo o‘yinlarida qit’aning eng sara sportchilari 50 sport turi bo‘yicha o‘zaro bellashadi. O‘zbekistonlik 300 nafarga yaqin sportchi boks, erkin va yunon-rum kurashi, dzyudo, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, akademik eshkak eshish, slalom, yengil atletika, suzish, sinxron suzish, suv polosi, badiiy va sport gimnastikasi, trampolin, o‘q otish, tennis, taekvondo (WTF), velosport, futbol kabi sportning 32 turi bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.