Osiyo kurashchilarining nigohi Dushanbega qaratilgan
Kecha Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi XV Osiyo chempionati va Osiyo kurash konfederatsiyasining VIII kongressi oldidan tashkiliy qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Osiyo kurash konfederatsiyasi, Tojikiston va O‘zbekiston kurash federatsiyasi rahbarlari, tashkiliy qo‘mita a’zolari Markaziy Osiyo xalqlarining milliy qadriyati - kurashning xalqaro rivojida qit’a chempionatlari va uning doirasida o‘tkaziladigan seminar va amaliy mashg‘ulotlarning alohida o‘rni borligi ta’kidlandi.
Shuningdek, chempionat va Osiyo kurash konfederatsiyasi kongressi, hakam va mutaxassislar uchun belgilangan seminarlarga tayyorgarlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ullarning hisobotlari tinglandi.
Xususan, musobaqalarni o‘tkazish, delegatsiyalarni qabul qilish, transport, mehmonxonalar, xavfsizlik, tibbiy xizmat, media va translyatsiya bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.
Bugun, 12-iyun kuni qit’a chempionati dasturiga muvofiq, Dushanbe shahridagi “Hyatt Regency Dushanbe” mehmonxonasida Osiyo kurash konfederatsiyasi boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi va VIII kongressi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur anjumanlarda kurash sportining xalqaro rivoji, Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan kurash musobaqalari, shu yil 27-iyul — 10-avgust kunlari o‘tadigan “ISSYK-KUL 2026” xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini, Toshkentda joriy yil sentabr oyida harbiylar o‘rtasida tashkil etiladigan “1st CISM World Military Kurash Challenge” musobaqasi, Qirg‘izistonda uyushtiriladigan VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlariga hozirlik kabi o‘nlab masalalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Aytish lozim, kurash bo‘yicha o‘tkazilayotgan bu galgi qit’a birinchiligida 25 tadan ziyod davlatning eng mahoratli kurashchilari Osiyo chempionligini qo‘lga kiritish uchun gilamga chiqadi.
Mazkur nufuzli musobaqa nafaqat qit’a chempionligi uchun bahs, balki XX yozgi Osiyo o‘yinlari oldidan milliy terma jamoalar uchun muhim tayyorgarlik va sinov maydoni vazifasini o‘tashi bilan ham ahamiyatli.
Belgilangan rejaga binoan kurash bo‘yicha XV Osiyo chempionati bellashuvlariga ertaga, 13-iyundan start beriladi.
Chempionatning ilk kunida erkaklar 60, -66, -73, -81 kilogrammda, xotin-qizlar -70, -78, -87 va +87 kilo vazn toifalarida bellashadi.
Ikkinchi kuni, ya’ni birinchilikning so‘nggi kunida polvonlar qolgan vazn toifalarida Osiyoning eng kuchlisi bo‘lish uchun o‘zaro raqobatlashadi.
Eslatib o‘tamiz, milliy sportimiz kurash bo‘yicha o‘tkazilayotgan qit’a chempionatida Rizamat Soliyev va Dilfuza Rahmatova yetakchiligidagi O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasi a’zolari vatanimiz sharafini himoya qilishga hozirlanmoqda.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA