Mamlakatimizda olimpiya sport yo‘nalishlari, xususan o‘yin turlari rivojiga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida qit’a, jahon chempionatlari yurtimizda o‘tkazilishi odat tusiga kirib bormoqda.
Bundan o‘n kuncha muqaddam voleybol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilgan O‘zbekiston bu gal qit’a gandbolining istiqboli bo‘lgan yosh gandbolchi qizlar jamoalarini Toshkentda jamladi.
Gandbol bo‘yicha 19 yoshli qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati musobaqalari poytaxtimizdagi “Alpomish” sport saroyida boshlandi.
[gallery-24863]
Chempionatning ochilish marosimida ishtirok etgan mutasaddilar mazkur chempionat O‘zbekistonda tashkil etilayotganining tarixiy ahamiyatiga to‘xtalib, Toshkent sport maydonlari xalqaro darajadagi sportchilarni aniqlash, ularning katta sportga qadam qo‘yishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Aytish lozim, qit’a birinchiligida O‘zbekiston, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Hong Kong, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy Taypeyi jamoalari ikkita guruhga bo‘lingan holda bahslarda ishtirok etadi.
Unda yarim finalgacha bo‘lgan yo‘lni muvaffaqiyatli bosib o‘tgan 4 ta jamoa 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
O‘zbekiston qizlar terma jamoasi “A” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, hamyurtlarimiz Xitoy, Xitoy Taypeyi, Hong Kong, Hindiston jamoalari bilan g‘oliblik yo‘lida kurash olib bormoqda.
Chempionatning ilk kunidagi o‘yinda hamyurtlarimiz Hindiston jamoasini 46:29 hisobida mag‘lub etdi. Osiyo chempionati o‘yinlari 29 avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA