Osiyo futbol konfederatsiyasi delegatsiyasi Toshkentda
Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al-Xalifa boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga tashrif buyurdi.
Toshkent xalqaro aeroportida qit’a futbol tashkiloti a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov kutib oldi.
Tashrif doirasida mamlakatimizda futbolni yanada ommalashtirish, uning infratuzilmasini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator muhim loyihalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Osiyo futbol konfederatsiyasi delegatsiyasi 18-oktabrga qadar Toshkentda bunyod etilayotgan sport majmualari va stadionlar bilan yaqindan tanishadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA